Breaking News

Yanukovich otdan tushsa ham, egaridan tushmayapti


Viktor Yanukovich, Ukrainaning fevral oxirida hokimiyatdan ag'darilgan prezidenti matbuotga bayonot beryapti, Rostov-Don, 11-mart, 2014-yil
Viktor Yanukovich, Ukrainaning fevral oxirida hokimiyatdan ag'darilgan prezidenti matbuotga bayonot beryapti, Rostov-Don, 11-mart, 2014-yil
Bugun Rossiyaning Rostov-Don shahrida Ukrainada hokimiyatdan chetlatilgan prezident Viktor Yanukovich matbuotga bayonot berdi. U Kiyevdagi siyosiy raqiblarini Qrimning Ukrainadan ajralish ehtimolini yuzaga keltirib chiqarganlikda ayblab, hali ham qonuniy prezident va qurolli kuchlar oliy qo’mondoni ekanini ta’kidladi.

Yanukovich muvaqqat hukumatni ekstremistlar deb atab, 25-mayga belgilangan saylovlarni noqonuniy dedi.

U, shuningdek, Qo’shma Shtatlarni qaroqchi hukumatga bir milliard dollar berayotganlikda aybladi.

Qrimda yakshanba kunga rejalangan referendumga tayyorgarlik avjida ekan, Fransiya tashqi ishlar vaziri Loren Fabiusning aytishicha, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga shu haftayoq sanksiya joriy etishi kutilmoqda. Agar Moskva Qrimdagi vaziyatni tinchitish uchun G’arb takliflariga ko’nmasa.

Xususan, deydi Fabius, Rossiya va Ukrainadagi ayrim rasmiylarning Yevropadagi hisob raqamlari va mulki muzlatiladi, ular qit’aga kira olmaydi.

Agar Kreml taklifni qabul qilsa, deydi Fransiya vaziri, sanksiyalar qoldirilib, AQSh davlat kotibi Jon Kerri Moskvaga muzokara uchun boradi.

Rossiya barcha tomonlarni 21-fevral kuni Ukraina muxolifati va prezidenti o’rtasida imzolangan bitimga rioya qilishga chaqiradi. Qo’shma Shtatlar davlat to’ntarishidan keyingi vaziyatdan kelib chiqib ish tutishni afzal ko’rmoqda, deya norozilik bildiradi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

Ukraina parlamenti referendum bekor qilinmasa, ertaga Qrim parlamentini tarqatish haqida qaror chiqardi.

Qrim parlamenti Rossiyaga qo’shilishga qaror qilib, aholini ham yakshanba kuni shunga ovoz berishga chaqirmoqda. Bugun yarimorol oliy kengashi avtonom respublika va Sevastopol shahri mustaqilligi haqida bayonot qabul qildi.

Qo’shma Shtatlar referendum natijalarini tan olmoqchi emas. Jarayonni nazorat etish uchun Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga kuzatuvchilarini yuborish haqida taklif jo’natilgan.

Qrimda Ukrainaning barcha telekanallari efirdan olinib, ularning to’lqinlarida Rossiya televideniyesi chiqmoqda. Oliy Radaga Ukraina bo’ylab Rossiya telekanallarini uzish haqida bugun taklif tushgan.

NATO Ukrainadagi vaziyatni kuzatish uchun alyansga a’zo Polsha va Ruminiya chegaralari bo’ylab josus samolyotlar havoga ko’tarilganini bildirmoqda. Qo’shma Shtatlar ham mintaqaga qo’shimcha qiruvchi samolyot yuborishi mumkinligiga ishora qilmoqda.

Ertaga AQSh prezidenti Barak Obama Oq uyda Ukraina muvaqqat bosh vaziri Arseniy Yatsenyukni qabul qiladi.

Oq uyning bildirishicha, prezident Obama kecha Qozog’iston rahbari Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilgan. Har ikki rahbar bu mamlakat hududiy daxlsizligi saqlanishi kerak, degan fikrda. Prezident Obama Nazarboyevdan muammoni tinch yo’l bilan hal etishda faolroq bo’lishni so’ragan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG