Breaking News

2018-yil Afg'oniston uchun qanday davr bo'ldi?


Mamlakat hali ham beqarorlikdan chiqmagan bo’lsa-da, Tolibon bilan muzokara ehtimoli oydinlashmoqda. AQSh kuchlarining havo zarbalariga qaramay, jangarilar yangi hududlarni qo’lga kiritdi, tinch aholi orasida talofat oshmoqda. Qo’shma Shtatlar Tolibon bilan yuzma-yuz muloqotga kirishdi.

Xalqaro hayot - 18-dekabr, 2018-yil - Yil sarhisobi: Afg'oniston
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:43 0:00

2018-yil Afg’onistonda zo’ravonliklar bilan boshlandi. Yanvar oyida poytaxt Kobuldagi mehmonxonaga hujumda 10 dan ortiq odam o’lgan, 14 nafari xorijlik.

Shundan bir necha kun o’tib, bir jangari portlovchi modda to’ldirilgan tez yordam mashinasini Kobulning gavjum ko’chasida portlatib, kamida 95 odam hayotiga zomin bo’ldi.

Bundan bir yil oldin AQSh qo’shinlarining 10 mingdan 14 mingga oshirilgani barqarorlikka yetaklamadi.

BMT hisobiga ko’ra, tinch aholi orasida qurbonlar ko’payishda davom etmoqda, afg’on xavfsizlik kuchlari ham katta talofatlar ko’rmoqda, yil davomida 12 ta amerikalik harbiy nobud bo’ldi.

Prezident Ashraf G’ani Tolibonga muzokara taklifi bilan murojaat qildi.

“Afg’oniston manfaatlari va ayollar huquqlarini kafolatlovchi, terrorizmning har qanday ko’rinishini man qiluvchi tinchlik jarayonini Tolibonga taklif etamiz”, - degan G’ani.

Biroq jangarilar prezidentning taklifini qabul qilmadi. Tolibon AQShning qo’g’irchog’i deb bilgan Kobuldagi hukumat emas, Amerikaning o’zi bilan gaplashmoqchi ekanini bildirdi.

Iyun oyida Ramazon hayiti munosabati bilan G’ani jangarilarga sakkiz kunlik sulh taklif etdi. Tolibon sulhga uch kun amal qildi. Mamlakat uch kun halovatda yashadi. Jangarilar va afg’on xavfsizlik kuchlari xodimlari birga kulib tushgan suratlar ijtimoiy sahifalarni aylanib chiqdi. Biroq uch kundan so’ng qurolli to’qnashuv yana davom etdi.

Yozda AQSh Davlat departamenti rasmiysi Tolibon vakillari bilan uchrashishga rozi bo’ldi. Shundan so’ng Prezident Donald Tramp sobiq elchi Zalmay Xalilzodni o’z vakili etib tayinlab, Tolibon va boshqa taraflar bilan muzokara qilish vakolatini berdi.

“Afg’onistonning o’ziga ham, xalqaro hamjamiyatga ham tahdid bo’lmaydigan tinch mamlakat bo’lishini orzu qilaman”, - dedi u.

Xalilzod mintaqaga uch marta safar qildi. Tolibon uning tashabbuslarini olqishladi, ammo zo’ravonliklarga chek qo’ymadi. Yana yuzlab odam nobud bo’ldi.

Bu o’rtada “Islomiy davlat” jangari guruhi ham faollashib, Nangarhor viloyati va Kobulda xurujlar uyushtirdi.

Bir necha yillik tanaffusdan so’ng oktabr oyida parlament saylovlari o’tkazildi. Ko’plab ayollar ovoz berdi.

Yil oxirida esa, ya’ni shu hafta AQSh Tolibon bilan yana muzokara qildi. 2019-yil Afg’oniston uchun umidga to’la yil bo’lishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG