Breaking News

Urushdan qiynalgan Yaman xalqini ocharchilik kutmoqda


Yamanda salkam to’rt yildan beri davom etayotgan urush yirik gumanitar falokatga yetaklamoqda. Insonparvarlik yordami bilan shug’ullanayotgan tashkilotlar ommaviy ocharchilik haqida ogohlantirmoqda.

Xalqaro hayot 4-dekabr, 2018-yil - - Yamanga ocharchilik yaqinlashmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:27 0:00

Qurolli mojaro sabab mahsulotlarning mamlakat portlaridan chiqishi qiyinlashgani bois oziq-ovqat narxlari yaqinda osmonga chiqib ketgan. Yaman aholisining 75 foizi yordamga muhtoj, salkam 14 million odam ocharchilik yoqasida.

Yamanda yoqilg’i tanqis. Taksi haydovchilari va xususiy avtomobil egalari soatlab, ba’zan kunlab navbatda turishga majbur. Navbat bir necha kilometrga cho’zilgan. Ustiga-ustak, benzin narxi osmonda.

“Hammasi inqirozni deb bo’lyapti. Ozgina benzin uchun to’rt kun kutishimga to’g’ri keldi”, - deydi janubdagi Aden shahrida taksi haydovchisi bo’lib ishlayotgan bir odam.

Inflyatsiya narx-navoning ko’tarilishiga olib keldi.

58 yashar baliqchi Muhammad Yahyo Solih Mahfad kundalik daromadining yarmidan ko’pini kater uchun yonilg’iga sarflashga majbur.

“Bugun 30 ming riyolga (120 AQSh dollari) baliq sotdim. 20 ming riyol benzinga ketdi. 10 ming qoldi. Hali qo’limdagi ishchilarga ham to’lashim kerak”, - deydi u.

Baliq sotuvchi Nabil Faruq Alining aytishicha, benzin narxi oshgani bois baliqchilar endi dengizda kamroq yurishga majbur, demak baliq ham sotuvda ozroq bo’ladi.

“Oldin tunda ham ishlardim. Baliq ko’p bo’lardi. Hozir juda kamayib ketdi. Bori shu”, - deydi u.

Baliqning bozorda kamayishi uning qimmatlashishiga olib keldi. Riyol 235 foizga qadrsizlanishi natijasida un, shakar, guruch ham qimmatladi.

Yamanliklarning 70 foizi kuniga bir dollardan kam pulga yashashga majbur. Urushdan qochib boshqa hududlarga ko’chgan fuqarolarning ahvoli undan-da yomon.

Zohir Fahil Hasan Aden tevaragidagi bir joyda turadi.

“Hech vaqomiz yo’q. Ijara haqqiga pul qolmadi, endi bu uydan bizni haydashadi deb qo’rqaman. Ovqatga ham, suvga ham pul yo’q. Umidimiz yolg’iz xudodan”, - deydi u.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ogohlantirishicha, narx-navoning qimmatlashishi natijasida bu mamlakatda kelasi bir necha oyda aholining yarmi - 14 million odam ocharchilikka yuz tutishi mumkin.

Gumanitar tashkilotlar yordamga muhtoj millionlab yamanliklarga yordam berish oson bo’lmasligini, insonparvarlik dasturlarini yo’lga qo’yish oylab vaqt olishini bildirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG