Breaking News

Yaman uzoq yillik rahbardan butkul qutulib, yangi hayot boshlamoqchi


Yaman prezidenti Ali Abdulla Solih hokimiyatdan ketishga rozi bo'ldi
Yaman prezidenti Ali Abdulla Solih hokimiyatdan ketishga rozi bo'ldi

Yamanda deyarli bir yil davom etgan namoyishlar natijasida prezident Ali Abdulla Solih yaqinda hokimiyatdan ketdi. O’tgan yilning yozida suiqasd xurujida qattiq yaralangan Solih hozir AQShda davolanmoqda.

"Arab bahori" shamoli Yamanga ham yetib bordi. Namoyishchilar mamlakatni 33 yil mobaynida boshqargan prezident Ali Abdulla Solihni hokimiyatdan quvdi.

“Solih mamlakatni vayronaga aylantirdi. Qabilaviy urushlar, irqchilik va ta’qiblar – hammasini boshdan kechirdik”, - deydi namoyishchilardan biri Muhammad Ahmad.

Ali Abdulla Solih ketganidan ayniqsa yoshlar mamnun
Ali Abdulla Solih ketganidan ayniqsa yoshlar mamnun
Prezident Solih parlament unga xavfsizlikni to’la kafolatlab, maxsus qonun qabul qilganidan keyingina hokimiyatdan voz kechdi.

Xalqqa so’nggi murojaatida u bunday dedi:

“Mamlakatni 33 yil boshqardim. Agar kamchiliklarga yo’l qo’ygan bo’lsam, Yaman xalqidan kechirim so’rayman va meni avf etishni iltimos qilaman”.

Iyun oyida prezident saroyiga bomba tushganida Solih qattiq jarohatlangan va bir necha oy davomida Saudiya Arabistonida davolangan edi. Endi esa AQSh shifokorlari ko’rigidan o’tmoqchi.

Yaman parlamenti
Yaman parlamenti
Solihga AQShga kirish vizasi berilganini ma’lum qilgan Davlat Departamenti sobiq prezident Qo’shma Shtatlarda doimiy qolishga haqli emasligini alohida ta’kidladi.

Oq uy so’zlovchisi Jey Karni ham aynan shuni qayd etdi:

“Uning mamlakatga kelishidan maqsad – faqat tibbiy muolaja olish. Davolanish qancha vaqt talab qilsa, Amerikada shuncha turishi mumkin, lekin keyin ketishi kerak”.

Yaman al-Qoidaga aloqador jangarilar uchun boshpana, jannatning o’zi. Ayrim viloyat, qishloqlarda odam o’g’irlash, qaroqchilik va qonli qabilaviy janjallar tez uchraydi, qabilaviy mojarolar avjida. AQSh xavotirda.

Sano, Yaman
Sano, Yaman
“AQShning Yamandagi maqsadlari juda aniq. Arab yarimorolidan al-Qoidani haydab, odamlarni kundalik qotillik, o’ldirishdan qutqarib, barqarorlikni saqlab qolishdir”, - deydi Yaqin Sharq bo’yicha ekspert Marina Ottavey.

Solih zulmidan to’ygan olomon sobiq prezident oila a’zolarini ham hukumat lavozimlaridan haydamoqchi.

“O’g’li, jiyanlari va boshqa qarindoshlari armiya ustidan nazoratni saqlab qola oladimi? Biznes va siyosiy hokimiyat ustidanchi? Mana shu savollar muhim”, - deydi londonlik ekspert Jinni Xill.

Omma Abdulla Solihning barcha yaqinlari lavozimidan olinsin degan talab qo'ymoqda
Omma Abdulla Solihning barcha yaqinlari lavozimidan olinsin degan talab qo'ymoqda
Solih Yamanga qaytib, siyosiy faoliyatni davom ettirajagini e’lon qildi. Mutaxassislar bu ehtimoldan xoli emas, deydi. Marina Ottavey:

“Dunyoning bu qismida shunday uzoq davr mobaynida hokimiyat cho’qqisida turgan odamning, albatta, tarafdorlari, tanish-bilishlari juda ko’p bo’ladi. Solihda bularning hammasi borligi aniq”, - deydi mutaxassis.

21-fevralda Yamanda prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Bu bilan bir yildan oshiq vaqt davom etayotgan siyosiy tanazzulga chek qo’yiladimi-yo’qmi, noma’lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG