Breaking News

Oq uy Senatning Yaman bo'yicha qarorini tanqid qilmoqda


AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo senatorlarning Yamanda AQSh harbiy harakatlarini to’xtatishga ovoz berganini tanqid qilmoqda. 2015-yildan beri davom etayotgan ichki mojaroga Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi arab koalitsiyasi aralashgan, Qo’shma Shtatlar esa koalitsiyaga yordam bermoqda.

Xalqaro hayot - 19-mart, 2019-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:14 0:00

Mojaro minglab odamlarning yostig’ini quritdi, millionlab odam ocharchilik yoqasida. AQSh Kongressi va Oq uy ma’muriyati Yaman masalasida tortishmoqda.

Saudiya Arabistoni va Qo’shma Shtatlar Eronni Yamanda hutiy isyonchilarga yordam berayotganlikda ayblab, maqsad Tehron ta’sirini cheklash ekanini aytadi.

AQSh koalitsiya harbiy samolyotlariga nishonni olishda yordam beradi, razvedka ma’lumotlarini uzatib turibdi. Begunoh insonlar, bolalar o’limidan ta’sirlangan Amerika senatorlari AQSh harbiy ko’magini to’xtatishga ovoz berdi. 100 qonunchidan 54 nafari – ham respublikachi, ham demokrat rezolyutsiyani qo’llab-quvvatladi.

“Urush jinoyatlariga ixtiyoriy ravishda sherik bo’lishimiz, hamkor davlatga begunoh insonlarni qirishga imkon berishimiz bizni dunyo ko’zi oldida zaiflashtirmoqda. Al-Qoida, “Islomiy davlat” kabi asl dushmanlarga qarshi urushda ham zaiflashyapmiz, ular esa, aksincha, kuchayayapti”, - deydi demokrat senator Kris Myorfi.

Respublikachilarning Senatdagi sardori Mitch Makkonelning aytishicha, hamma ham mojaroga yakun yasashni istaydi, biroq saudiya koalitsiyasiga yordamni to’xtatish xato.

“Bu qaror BMT yetakchiligidagi diplomatik tashabbuslarni amalga oshirish uchun zarur bo’lgan bosim darajasini ushlab turishimizga halaqit beradi”, - deydi Makkonel.

Davlat departamenti va Oq uy ham Senat rezolyutsiyasiga qarshi chiqdi.

“Hujjatga ovoz bergan senatorlar Yamanda harbiy harakatlarga chek qo’yib, inson huquqlarini qo’llab-quvvatlamoqchi. Agar ular chindan ham yamanliklarni o’ylab ish qilayotgan bo’lsa, Yamanning Eron kabi zolim, buzuq davlat qo’g’irchog’iga aylanishining oldini olishga qaratilgan Saudiya yetakchiligidagi harakatlarni qo’llab-quvvatlashi kerak”, - deydi Davlat kotibi Mayk Pompeo.

Senatda qabul qilingan rezolyutsiya demokratlar ko’pchilikni tashkil etgan Vakillar palatasida ham tasdiqlanishi kutilmoqda, biroq Prezident Tramp unga veto qo’yishini bildirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG