Breaking News

Dunyo o'smirlari siyosatchilarni iqlim o'zgarishiga qarshi chora ko'rishga chaqirmoqda


Parijlik yoshlarning iqlim o'zgarishiga qarshi namoyishi

AQSh va yana bir necha mamlakatdagi o’quvchilar davlat rahbarlari va siyosatchilar e’tiborini iqlim o’zgarishiga qaratish maqsadida o’ziga yarasha aksiya o’tkazmoqda. Juma kunlari ular maktabga bormaslikka qaror qilgan. Yevropada ekologiya muhofazasi uchun boshlangan harakat dunyo bo’ylab tarqalmoqda.

O’quvchilar hukumatlaridan iqlim o’zgarishiga qarshi qattiqroq chora ko’rishni talab qilmoqda. Shunday bo’lmas ekan, Belgiya, Germaniya, Fransiya, Avstraliya va yana bir necha mamlakat o’smirlari juma kunlari maktabga chiqmasligini bildirdi.

“Kelajagimiz mavhum ekan, maktabga borishdan nima foyda?” - deydi ular.

Hammasi 16 yashar shvetsiyalik o’quvchi Greta Tunbergdan boshlandi. O’tgan yil yozida Greta juma kunlari maktabdagi o’qishini qoldirib, Shvetsiya parlamenti oldida yolg’iz o’zi namoyish qilar edi. U tez orada ijtimoiy tarmoqlar orqali mashhur bo’lib ketdi. Uni hatto Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida ma’ruza qilish uchun taklif etishdi.

“Vahimaga tushishingizni xohlayman. Har kuni qo’rquvda yashashingizni xohlayman. So’ng yeng shimarib, harakatga tushishingizni xohlayman”, - dedi u.

Shundan keyin boshqa mamlakatlarda ham o’smirlar unga ergashib, juma kunlari maktabga bormaydigan bo’ldi.

“Hukumatlarimiz hech narsa qilmasa, ahvol yomonlashadi – dovullar, qurg’oqchilik, toshqinlar, tabiiy resurslar uchun urushlar kuchayadi”, - deydi bir bola.

“Iqlim o’zgarishi shu qadar jiddiy muammoki, ikki soat maktabda bo’lmasak, hech narsa qilmaydi”, - deydi germaniyalik qiz.

O’quvchilar aksiyasini Yevropa Komissiyasi prezidenti Jan-Klod Yunker, Germaniya kansleri Angela Merkel, Britaniyada Leyboristlar partiyasi raisi Jeremi Korbin qo’llab-quvvatladi.

Biroq konservatorlar bu harakatga qarshi chiqdi.

“O’quvchilar maktabdan qolmasligi kerak! Maktab tashqarisida bo’ladigan ishlar uchun maktabdan qolish to’g’ri emas. Ko’proq bilim olib, kamroq faollik bilan shug’ullanish kerak”, - dedi Avstraliya Bosh vaziri Skot Morrison.

Britaniya Bosh vaziri Tereza Meyning aytishicha, bolalar maktabni qoldirib, vaqtini behuda sarflamoqda.

Greta Tunbergning aytishicha, o’qish uchun ajratilgan vaqtni behuda sarflash noto’g’ri, albatta, biroq siyosatchilar ham so’nggi 30 yilni behuda sarflab, iqlim o’zgarishiga qarshi chora ko’rmagan.

Norvegiyalik qonunchilar Gretani Tinchlik uchun Nobel mukofotiga tavsiya qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG