Nyu-York o'zini to'fonlardan qanday asramoqchi?

  • Amerika Ovozi

Nyu-York

2012-yilda Atlantika okeani sohillaridagi shtatlarga kuchli to’fon kelganida suv to’rt metrgacha ko’tarilgan. Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlarining katta qismi vayron bo’lgan. Hukumat qariyb bir milliard dollar ajratib, to’fonlardan asrovchi tizim yaratishga kirishdi. Tashabbusga xalqaro mutaxassislar ham jalb qilindi.

Your browser doesn’t support HTML5

Nyu-York o'zini to'fonlardan qanday asramoqchi? Navbahor Imamova

“Sendi” to’foni Nyu-Yorkni urganida yo’llar, tunnellar va metroni suv bosgan edi. Elektr tarmoqlari uzilgan. 60 kishi halok bo’lgan.

Bugun olti mintaqaviy loyiha ishga solingan. Maqsad – kelasi safar to’fon kelganida kamroq zarar keltirsin.

Eymi Chester - “Rebuild by Design” degan dastur rahbari:

“Birinchi vazifa – Manxettanning quyi sharqiy qismi hamda suv bo’yidagi mahallalarni himoya qilish. Toshqin ehtimoli bo’lganida uni to’sa olish kerak. Biz shunday qilmoqchimizki, bu to’siq jamoatchilikning boshqa talablarini ham qondirsin, masalan parklarda”.

Ya’ni bir vosita yagona maqsad uchun emas, turli shakllarda ishlatilsin.

Ikki yil oldingi to’fon oqibatlari hamon ko’zga tashlanadi, qayta qurilayotgan imoratlar ko’p.

Daniyalik Byarkay Ingels loyihalarni g’aroyib deb ta’riflaydi:

“Tasavvur qiling, marjonlar tizmasi, shaklan o’zgarib turadi. Estetik jihatdan ko’zni quvontiradi. Lekin sizni ofatdan qutqarish salohiyatiga ega. Avvalo jamoatchilik fikrini o’rgandik. Odamlardan so’radik. Eshitganlarimizga qarab, mana shunday loyiha bilan chiqdik. Bu to’siq savdo rastalari joylashgan, turli salon va pavillionlardan iborat shinam va ko’rkam obyekt bo’ladi”.

Damaris Reyes Manxettanning quyi sharqiy qismi vakili. To’fonlar yana keladi, aholini himoya qilish yo’llarini yangilash kerak, deydi u. Loyiha unga ma’qul.

“Bu borada jamoatchilik fikrini o’rganishdi, siz nima istaysiz deb biz bilan hisoblashishdi. Biz esa hamkorlikka tayyormiz chunki xavfsiz yashashni istaymiz”.

Manxettan mana shunday to’siqlar bilan o’ralishi rejalangan. Ish qanchalik tez bitsa shuncha yaxshi, deydi mutaxassislar.

Nyu-Yorkning yana bir tumani - Steyton oroli ham shunday to’siq haqida o’ylamoqda. Undan plyaj va sohilbo’yi maktabi sifatida foydalanmoqchi.

Nyu-Jersi bilan tutash hududlar ham himoya qilinadi, mana shu singari tizmalar bilan.

Federal hukumat mutasaddisi Xolli Likt loyihani mushtarak g’oyalar mahsuli deya ataydi.

“Biz dunyodagi eng ilg’or sistemalarni o’rgandik. O’zimizning imkoniyatlarimizni tahlil qilib chiqdik. Odamlar dardini tingladik. To’fon kelganida unga nima chidab berishi mumkin yoki mumkin emasligini sarhisob qildik. Tajribamiz bor axir. Shunga asoslanib, ish tutayapmiz” .

Loyiha hozircha faqat qog’ozda. Uni amalga oshirish uchun davlatning tegishli organlari, mahalliy hokimiyat va xususiy sektor bir yoqadan bosh chiqarib ishlashi kerak.