Atom arsenali hech kimga kerak emas, deydi BMT Bosh kotibi

  • Amerika Ovozi

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish Yaponiyaga safari chog'ida, 2017

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish dunyo ahlini yadroviy maqsadlardan qaytib, atom qurollariga intilmaslikka chaqirmoqda. Insoniyat uchun eng ulkan xavf manbalaridan biri shu, deydi u. Qurolsizlanish konferensiyasi deb nomlangan tashkilotga 65 davlat a'zo. Shu kunlarda Jenevada uning yillik anjumani o'tdi.

Your browser doesn’t support HTML5

BMT Bosh kotibi: Atom qurollariga yo'q deymiz

Atom urushi bo'ladi degan qo'rquv keng tarqalgan, deydi Guterrish. Sharqiy Osiyoda millionlab odamlar shunday vahima ostida yashaydi.

Janubiy Koreya bu yilgi qishki Olimpiadani Shimoliy Koreya bilan hamkorlikda o'tkazgani shu bois ham katta ahamiyatga ega, deydi BMT Bosh kotibi. Biroq buning o'zi yetmaydi.

“Koreya yarimoroli yadroviy xavfdan qutulmaguncha haqiqiy barqarorlikka erishmaydi. AQSh va Rossiya yadroviy arsenalini kamaytirganidan mamnunmiz. Lekin qurolsizlanish to'xtab qolmasligi kerak. Dunyoga atom arsenali kerak emas", - deydi Guterrish.

Insoniyatni yoppasiga qiradigan qurollar faqat yadroviy emas. Ikkinchi jahon urushidan beri qurollanish shu qadar avj oldiki, bugun u har bir mintaqada bir necha milliard dollarlik biznes. Mojarolar kengayishida bu biznesning hissasi cheksiz, deydi BMT Bosh kotibi.

Qurollar yoyilmasligini ta'minlashga qaratilgan qonunlarga amal qiling, deydi Guterrish. Harbiy salohiyatini mustahkamlashga intilayotgan har bir davlat qurollar unga nima uchun zarurligini vijdonan o'ylab ko'rishi kerak. Qurollanish ortidagi muammolarni bartaraf etish ustida ko'proq bosh qotirish lozim. Xalqaro hamkorlik ham shunga asoslanishi zarur.