Ayollar erkaklardan 23 foiz kam ish haqi oladi

  • Amerika Ovozi

2017-yilda global miqyosda ikki milliard erkak ishlagan bo'lsa, ishli ayollar 1,3 milliardni tashkil etgan.

BMT qoshidagi Xalqaro Mehnat Tashkilotiga ko'ra, dunyo bo'ylab ayollar hamon erkaklarga qaraganda kamroq ish haqi oladi. Teng mehnat uchun teng maosh yo'lga qo'yilmagan.

Your browser doesn’t support HTML5

Ayollar mehnat bozori va maoshda kamsitiladi

178 mamlakatdagi ahvol o'rganib chiqilganida o'tgan 20 yil ichida sezilarli o'zgarish yo'qligi aniqlangan. Bilim olish va kasb-hunar o'rganish bobida ham progress deyarli yo'q, deydi ekspertlar. Xotin-qizlar mehnat bozorida hamon ozchilik.

2017-yilda global miqyosda ikki milliard erkak ishlagan bo'lsa, ishli ayollar 1,3 milliardni tashkil etgan.

Xalqaro Mehnat Tashkiloti direktor o'rinbosari Lorens Jonson:

"1995-2015 yillar orasida ish bilan ta'minlangan xotin-qizlar soni deyarli o'smagan. Butun dunyo bo'ylab bu borada sezilarli o'zgarish yo'q".

Ishli ayollarning ko'pi o'z sohasida emas. Ko'p hollarda ularning xizmat darajasi yoki lavozimi bilim va malakasiga mos emas. Oddiy qilib aytganda, xotin-qizlar potensialidan to'g'ri foydalanilmayapti. Vaholanki, ish soatlari hisoblanganda, ayollar ko'proq mehnat qilishi ayon. Oz maoshli ishlarda ko'pincha ayollarni ko'rasiz, masalan, do'konlarda sotuvchilar, idoraviy xodimlar, tarbiya va ta'lim beruvchilar.

“Bugungi dunyoda ayol erkakka qaraganda o'rtacha 23 foiz kamroq haq oladi. Bu borada tenglikka erishish uchuh, hozirgi maromda, 70 yil kerak bo'ladi", - deydi Jonson.

Ayollar kamroq maosh olgani yoki yetarlicha ishlamagani bois pensiyasi ham past. Lekin ular nafaqaxo'rlarning aksariyatini, ya'ni 65 foizini tashkil etadi. Sayyoramiz aholisining yarmi xotin-qizlar.

BMT hisobicha, 200 millionga yaqin ayol dunyoda yo'qsil. Bunday erkaklar soni esa 115 million.

Xotin-qizlar ahvoli, kutilganidek, rivojlangan va qonun ustuvor mamlakatlarda boshqa davlatlarga qaraganda yaxshiroq.