Tramp Kongress saylovlarida respublikachilarga yordam bermoqchi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Prezident Donald Tramp kuzda bo’ladigan Kongress saylovlarida respublikachi nomzodlarning saylanishiga yordam berish maqsadida mamlakat bo’ylab tashviqot olib borishga hozirlanmoqda. Ayni damda respublikachilar Senat va Vakillar palatasida ko’pchilikni tashkil etadi. Tramp ichki va tashqi siyosatdagi yutuqlarini ko’z-ko’z qilib, partiyadoshlarining Kongressdagi mavqeini kuchaytirishga umid qilyapti. Saylovlar noyabr oyida. Muxolif demokratlar yaxshi natija ko’rsatib, Kongress tarkibini o’z foydasiga o’zgartira olsa, Trampga o’z siyosatini yuritish, 2020-yilda yangi muddatga saylanish qiyinlashadi.

Donald Tramp Shimoliy Koreya bilan erishgan so’nggi diplomatik yutuqlari partiyadoshlariga saylovda qo’shimcha ovoz keltirishiga umid qilmoqda.

“Xitoy, uning rahbari Prezident Si, Janubiy Koreya Prezidenti Mun, hammasi bilan bu masalada hamkorlik qilyapmiz”, - dedi Tramp.

Biroq so’nggi kunlarda jamoatchilikning diqqati AQShning janubiy chegarasi va Tramp ma’muriyatining noqonuniy immigratsiyaga qarshi murosasiz siyosati, bolalarni ota-onalaridan ajratayotgan bu siyosatga qarshi norozilik namoyishlariga qaratilgan.

“Bizning nomimizdan ish yuritayotgan ma’muriyatning bu qilmishlari ma’naviyatsizlikdan boshqa narsa emas”, - deydi demokrat kongressmen Jerrold Nedler.

Ichki xavfsizlik vaziri Kirstyen Nilsen bunday yondashuvni oqlamoqda.

“O’z vazifamizni bajarishimiz kerak. Buning uchun hech kimdan uzr so’ramaymiz. Bu ishni qilish uchun qasamyod keltirganmiz”, - deydi u.

Bu yilgi Kongress saylov kampaniyasida prezidentning shaxsi katta rol o’ynamoqda. Janubiy Karolinadan Senatga saylanish umidida yurgan Keyti Arrington kabi respublikachi nomzodlar Tramp nomidan keng foydalanyapti.

“Biz Prezident Donald Trampning partiyasimiz”, - deydi u.

Biroq uning partiyadoshlari bunda shaxsga sig’inish alomatlarini ko’rmoqda. Iste’foga chiqayotgan senator Bob Korker shundaylardan biri.

“Shaxsga sig’inish darajasiga yetmaslik kerak. Bu har qanday partiyaga zarardir”, - deydi u.

Yaqingacha Amerika tarixida eng past reytingli prezident bo’lgan Tramp so’nggi paytlarda mavqeini bir necha foizga yaxshilaganiga qaramay, Kongress saylovlaridan oldin pozitsiyasi hamon zaif, deydi sotsiolog Frenk Nyuport.

“Trampning reytingi hali ham past. Har bir prezident reytingi kamida 50 foizdan yuqori bo’lishini istaydi. Shunda ko’pchilik uni qo’llab-quvvatlagan bo’ladi. Biroq Trampning reytingi hozir 42-43 foiz atrofida. Shunga qaramay, prezidentligining birinchi yilida o’tmishdagi ba’zi rahbarlardan ko'p qolib ketgani yo’q”, - deydi Nyuport.

Masalan, Ronald Reygan, Bill Klinton va Barak Obamaning birinchi prezidentlik muddati davomida ham ularning partiyadoshlari saylovlarda yaxshi natija ko’rsata olmagan. Brukings instituti tahlilchisi Bill Galstonga ko’ra, Trampni ham shunday ssenariy kutmoqda.

“Demokratlarning saylovga ruhiy tayyorgarligi, shashti respublikachilarnikiga qaraganda ancha yuqori. Tarix ham hukmron partiyaga qarshi. Odatda, yangi saylangan rahbarning partiyasi prezidentligining dastlabki ikki yili ichida Kongressga saylovlarni boy beradi”, - deydi vashingtonlik ekspert.

Tramp mamlakat bo’ylab tashviqiy chiqishlarida farovonlikni oshirishga qaratilgan iqtisodiy tashabbuslari va dunyoda tinchlikni o’rnatishga qaratilgan diplomatik harakatlariga urg’u berishi kutilmoqda.