Tolibon harbiy bazaga hujum qilib, 30 dan ortiq askarni o'ldirdi

  • Amerika Ovozi

Tolibon jangchilari

Tolibon isyonchilari Afg'oniston shimoli-sharqidagi harbiy bazaga hujum qilib, kamida 30 askarni o'ldirgan va 17 odamni yaralagan.

Rasmiylarning aytishicha, erta tongdagi bu kutilmagan hujum Taxor viloyatining Xo'ja G'or tumanida ro'y bergan. Hujumchilar Afg'on milliy armiyasiga qarashli bazadan barcha harbiy qurol-aslahani olib ketgan.

Ayrim xabarlarga ko'ra, halok bo'lganlar soni 40 ga yaqin.

Xuruj Tolibonning "Qizil bo'linma" nomli otryadi tomonidan amalga oshirilgan. Ular tungi ko'rish durbinlari bilan jihozlangan bo'lgan.

Bu orada Afg'oniston armiyasi G'azni viloyatidagi yuqori martabali Tolibon yig'inini havodan hujumga tutib, kamida 24 isyonchini o'ldirgan, 17 tasini yaralagan.

Mudofaa vazirligining aytishicha, yaralanganlar orasida yuqori darajali Tolibon vakillari bor. 1996-2001-yillar Tolibon hukmronligi davrida vazir bo'lgan Amir Xon Mutaqi ham ular orasida ekani aytilmoqda.

Shu oy boshida Tolibon G'aznining bir necha hududlarida hujumlarni kuchaytirgan edi. Janubiy Afg'onistonni poytaxt Kobul bilan bog'lovchi asosiy yo'l shu viloyatdan o'tgan.

So'nggi zo'ravonlik mamlakat Prezidenti Ashraf G'ani Bryusseldagi NATO anjumanida qatnashayotgan bir paytga to'g'ri keldi. Alyans yig'inida Afg'oniston masalasi ham alohida ko'rib chiqilgan.

Afg'onistonda hanuz minglab NATO askarlari bor. Ularning aksariyati amerikalik. Ular Tolibon va boshqa terrorchi guruhlarga qarshi kurashda afg'on kuchlariga ko'mak ko'rsatadi.

Xalqaro yordamga qaramay, Tolibon mamlakatda katta hududlarni o'z nazoratida saqlashda va tinimsiz hujumlar uyushtirishda davom etmoqda.

Mahalliy hukumat va xalqaro jamoatchilik Tolibonni zo'ravonlikni tark etishga va ixtiloflarga muloqot orqali siyosiy yechim topishga undab keladi. Isyonchi guruh esa afg'on siyosiy jarayoniga qo'shilishidan oldin barcha xorijiy kuchlar mamlakatni tark etishi kerak, deb talab qiladi.