AQSh Afg'onistonga yangi qo'mondon jo'natdi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Afg'onistondagi NATO va AQSh kuchlarida yangi qo'mondon ish boshladi. Bu bilan o'lkadagi harbiy strategiyada ham o'zgarish bo'ladimi?

General Jon Nikolson Amerikaning eng uzoq urushini davom ettirish mas'uliyatini yangi qo'mondon qo'liga topshirdi.

General Ostin Skot Miller uchun bu o'lka begona emas. U 2001-yil Afg'onistonga kelgan ilk amerikalik harbiylardan biri. 2013-yil maxsus amaliyotlarni boshqargan. Yangi vazifada endi uning mas'uliyati yanada kengaydi.

General Miller harbiylikdan ko'ra ko'proq diplomatlik vazifasini bajaradi. Tolibonni muzokara stoliga boshlash AQSh uchun asosiy maqsadlardan biriga aylangan.

Yangi qo'mondon bu vazifani yaxshi tushunadi.

"Harbiy chora shartlarga asoslangan strategiyaning faqat bir qismi ekanini bilamiz. Lekin siyosiy muloqotga maydon yaratish uchun u kerak", - deydi general Miller.

Prezident Ashraf G'ani Tolibonni zo'ravonlikni to'xtatishga chaqirib, ular bilan istalgan joyda shartlarsiz muloqot boshlashga tayyor ekanini aytgan. Ammo bu da'vatga ijobiy javob berilmadi. Amerikaliklar nazarida, Tolibonga tashqaridan ham ta'sir o'tkazayotganlar bor.

"Tolibonga aytadigan gapim - afg'on qardoshlaringizni o'ldirishingiz shart emas. Musulmon birodarlaringizni o'ldirishda davom etmang. Siz uchun kim muhimroq? Sizni urushga chorlayotgan chetdagilarmi yoki sizni tinchlikka undayotgan o'z odamlaringiz ovozimi?" - deydi o'z vazifasini topshirgan qo'mondon Jon Nikolson.

Vashington va Kobul qo'shni Pokistonni Tolibon yetakchilariga boshpana berib kelganlikda ayblaydi. Islomobod buni inkor etadi.

Afg'onistonda general Miller qo'l ostida 23 ming askar bor. Ularning 14 mingi amerikalik.

General Nikolson o'z vazifasini topshirish oldidan yana bir bor Afg'onistonda AQSh askarlari sonini oshirishga chaqirdi.

Unga ko'ra, qo'shimcha kuchlar afg'on armiyasiga himoyadan hujumga o'tish imkoniyatini beradi va bu isyonchilarni tinchlik muzokaralarini boshlashga undash uchun muhim.

Ammo urushdan toliqqan amerikaliklarni Afg'onistonga yanada ko'proq e'tibor berishga undash oson emas. Pentagon uchun esa natija kerak.

"Ishlashda davom etamiz. Strategiyamizga sodiq qolishimizni talab qiladigan ijobiy sabablar bor. Maqsadimiz kelishuv asosidagi yechimga erishish", - deydi Mudofaa vaziri Jim Mattis.

Hayit bayramlari paytida erishilgan vaqtinchalik sulh strategiyaning ish berayotganidan darak, deydi rasmiylar.