So'rov: Kongress saylovlari amerikaliklarni bo'lib qo'ygan

  • Amerika Ovozi

Saylov uchastkasi

AQSh Kongressi uchun 6-noyabrda oraliq saylovlar bo'ladi. AQSh va dunyo ahli uni yaqindan kuzatmoqda. Kuzatuvchilarga ko'ra, bu saylov nafaqat Tramp prezidentligi, balki AQSh-dunyo aloqalari bo'yicha ham referendum vazifasini o'taydi.

Pyu tadqiqot markazi so'roviga ko'ra, Kongress nazoratini qo'lga kiritish uchun davom etayotgan siyosiy kurash amerikaliklarni bo'lib qo'ygan. Saylovchilarning to'rtdan uch qismi asosiy e'tiborini Senat va Vakillar palatasi nazorati kimga o'tishi haqidagi savolga qaratgan.

Vakillar palatasida ko'pchilik bo'lish uchun demokratlar 23 ta o'rinni qo'lga kiritishi kerak. Senatda esa ularga qo'shimcha ikki joy bo'lsa bas.

Saylovchilarning 60 foiziga ko'ra, ularning kimga ovoz berishida Tramp haqidagi fikrlar muhim o'rin tutadi.

37 foiz amerikalik Trampga qarshi ovoz berishini, 23 foizi esa uni yoqlashini aytgan. Qolganlar Kongress saylovida Tramp omilining ahamiyati yo'qligini aytgan.

Tahlilchilar fikricha, saylov jarayonidan Tramp shaxsini ayirib bo'lmaydi. Respublikachilar Milliy qo'mitasi sobiq rahbari Maykl Stilga ko'ra, buning oqibati yaxshi bo'lmaydi.

"Odatda, mustaqil saylovchilar respublikachilarga yon bosardi. Shu yo'l bilan respublikachilar hatto demokratlar kuchli hududlarda ham ko'pchilik ovozni qo'lga kiritardi. Hozir partiyasiz saylovchilar demokratlarga moyil bo'lyapti. Bu muammo", - deydi u.

O'zgarishga sabab nima?

"Bu prezident bilan bog'liq shaxsiy ish. Chunki prezident bunga shaxsiy yondashyapti. U shunday ishlaydi. Hamma narsa u haqida bo'lishi kerak. Mayli, prezident shuni xohlaydimi? Unda har bir nomzod uning axloqi uchun javobgar bo'lishiga tayyor tursin", - deydi Stil.

An'anaviy global hamkorlarimizni boy beryapmiz, deydi demokrat kongressmen Datch Rupersberger.

"Dunyo bilan aloqamiz yo'qolyapti, ayniqsa, Yevropa bilan. Biz doim ishonchli davlat hisoblanganmiz. Boshqa mamlakatlar biznes uchun, himoya va xavfsizlik uchun bizga kelardi. AQShning ba'zi siyosatlarini deb hozir shu narsa barbod bo'lyapti", - deydi qonunchi.

Lotin Amerikasida, ayniqsa, ko'pchilik AQShning immigratsiya siyosatidan xavotirda.

"Prezident Tramp devor qurishni va uning xarajatini Meksika ko'tarishini aytdi. Bu esa yuz bergani yo'q. Agar demokratlar kamida bitta palatani nazoratga olsa, devor qurish imkoniyati yanada kamayadi", - deydi tahlilchi Gilberto Karbera.

So'rovlarga ko'ra, saylovchilar bu safar har qachongidan faol. Bunday fuqarolarning 67 foizi demokratlar, 59 foizi esa respublikachilar tarafdori ekani aniqlangan.