Fransiyada maktab o'quvchilari ham namoyish boshladi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Fransiya hukumati "sariq nimchalilar" harakatini bostirish bilan band ekan, mamlakatda yangi norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Bu safar maktab o'quvchilari Prezident Emmanuel Makronning ta'lim islohotlariga qarshi ko'chaga chiqdi.

Ular bitiruv imtihonlari hamda yuqori sinfda o'qitiladigan darslarning o'zgartirilishiga qarshi. Makron talabalarni ish bozoriga yaxshiroq tayyorlash uchun fanlar ro'yxatini yangilashni olg'a surgan edi.

"Universitetlarning xususiylashtirilishi to'xtashi kerak. Ularning eshigi o'quvchilarga yopilmasin va oliy ta'limga katta sarmoya kiritilsin", - deydi namoyishchilardan biri.

O'quvchilar namoyishi Parijda soliq va benzin narxi oshishiga qarshi boshlangan "sariq nimchalilar" g'alayoniga ulanib ketdi. Xalq maoshlarning kamligi va ijtimoiy notenglikka qarshi bosh ko'tarmoqda.

Ayrim talabalar "sariq nimcha"lilar bilan hamfikr ekanini aytadi.

"Talablarimiz ularniki bilan hamohang. Biz sinmagan yaxshi kelajak istaymiz. Hukumat davlat xizmatlarini kamaytirgan, nafaqalarni kesgan", - deydi talabalar ittifoqi vakili Laura Pfister.

Makron televideniye orqali xalqidan uzr so'radi.

"Javobgarlikni bo'ynimga olaman. Boshqa ishlarim ko'pligi uchun sizlarga e'tiborsizdek tuyulgan bo'lishim mumkin", - dedi u.

Prezident eng kam ish haqini oshirib, nafaqaxo'rlar solig'ini kamaytirishga rozi bo'ldi, lekin boylarga soliq solishni yoki islohotlarini to'xtatishni istamadi.

"Prezident saylov paytida bergan va'dalarni Fransiya xalqi ma'qullagan edi. Shu ko'pchilikning talabiga binoan, ular amalga oshiriladi. Mamlakatni taraqqiy ettirishda davom etishimiz kerak", - dedi Fransiya Bosh vaziri Eduard Filipp.

"Sariq nimchalilar" g'alayonida yuzlab odam jarohat oldi, Parij markazi vayron qilindi; mingdan ortiq odam hibsga olindi. Turizmdan tushumning kamaygani hamda yetkazilgan moddiy zarar byudjetdagi kamomadni oshirishi kutilyapti. So'nggi so'rovga ko'ra, mamlakat aholisining yarmi Makron qabul qilgan choralar ortidan namoyishlarning tugashini istaydi.