Olimlar tizzani davolashning yangi usulini taklif etmoqda

  • Amerika Ovozi

2030-yilgacha AQShda tizzani almashtirish jarrohlik amaliyotlari 600 foizga o'sishi kutilyapti. Ogayo Davlat universiteti tadqiqotchilari og'riqni qoldiradigan va tizzani ishdan chiqaruvchi jarayonni sekinlashtiradigan muqobil yo'lni taklif etmoqda.

Chak Stenger o't o'chiruvchi bo'lib ishlagan. Uzoq yillardan beri tizzasi og'riydi.

"Egilganimda yoki ishda narvondan chiqqanimda, o'tirib turganimda og'riqni sezardim. Lekin e'tibor bermaslikka harakat qilganman", - deydi u.

Chak tizza bo'g'imlari yemirilishi bilan kuzatiluvchi osteoartroz kasalligi bilan og'riydi. Bu kuchayib boradigan dard. Tizzani butunlay almashtirishga to'g'ri kelishi mumkin.

Ogayo universiteti tadqiqotchilari tizzani almashtirmasdan, u yerga maxsus moslama o'rnatdi.

"Zarbalarni ichiga yutadi, mashinadagi amortizatorga o'xshaydi. Tizzaning ichiga o'rnatiladi va tizzaga tushadigan yukni o'ziga oladi, so'ng uni tizzaning tashqi tomoniga yo'naltiradi", - deydi doktor Devid Flanigen.

Bu moslama tizzaga tushadigan bosimni kamaytiradi. Natijada og'riq ozayib, tizzani almashtirishga sabab bo'ladigan osteoartroz jarayoni sekinlashadi.

"Buni muvaffaqiyatli amalga oshira olsak, AQShda har yili kerak bo'ladigan tizza bo'g'imlariga ehtiyoj kamayadi. Ehtiyoj esa o'sib bormoqda. Buni imkon qadar kamaytirishga urinayapmiz", - deydi shifokor.

Bunday moslama nafaqat og'riqni qoldiradi, balki tizza almashtirish ehtiyojini bir necha o'n yilga kechiktirib, normal yashash imkonini beradi.

"Ilgari qilib yurgan ishlarimni yana qila olishni xohlayman", - deydi Chak.

AQShda har yili 600 mingdan ortiq tizza almashtiriladi. Jahon Sog'liqni saqlash tashkilotiga ko'ra, dunyo aholisining 10-15 foizi osteoartroz kasalligiga chalinadi.

Yangi moslama sinovdan muvaffaqiyatli o'tsa, kelasi 5-10 yilda AQShda barcha undan foydalanish imkoniyatiga ega bo'ladi.