Sun'iy intellekt maxfiy faoliyatga qarshi

  • Amerika Ovozi

Maxfiy yadroviy programmalarni aniqlashdek murakkab vazifa topshirilgan olimlarga sun’iy intellekt qo’l kelmoqda. Har qanday yadroviy portlash, hatto yer ostida dunyoning ters tarafida yuz bersa ham, radioaktiv gaz izlarini qoldiradi. Yangi tizim to’p-to’p ma’lumot ichidan ana shu gazni aniqlaydi. Eron va Shimoliy Koreya maxfiy harbiy dasturlarni davom ettirayotganlikda gumon qilinar ekan, bu kabi yangi texnologiyalar katta ahamiyat kasb etadi.

Vashington shtati sharqidagi tog’li hududda joylashgan laboratoriyada dunyoning eng sezgir o’lchov vositasi ishlab turibdi. Uning vazifasi maxfiy yadroviy faoliyatni aniqlashdan iborat. Bunda sun’iy intellekt tizimidan foydalaniladi.

Shimoli-g’arbiy Tinch okeani Milliy Laboratoriyasidagi bu asboblar radioaktiv parchalanishni aniqlaydi.

“Apparat radioaktiv parchalanish bilan bog’liq signallarni qidiradi, yadroviy faoliyat yuz bergan hudud gazini baholaydi. Gazdagi energiya miqdoriga qarab, ma’lumotni tahlil qilamiz”, - deydi laboratoriya xodimi Emili Meys.

Jihozlar shu qadar sezuvchanki, dunyoning narigi tarafidagi radioaktiv signallarni aniqlashi mumkin. Jarayon maxfiy faoliyat bo’lib chiqishi ham mumkin.

Neytronlar va tuproq tarkibidagi kalsiyning aloqaga kirishishidan argon-37 gazi paydo bo’ladi.

“Yer ostida o’tkazilgan yadro quroli sinovi katta hajmda argon-37 gazining ajralishiga sabab bo’ladi. Yadroviy bitim shartlari buzilayotganini aniqlash mumkin”, - deydi olim Kreyg Alset.

Biz puls deb ataydigan signallar shovqin-suronga boy zamonaviy dunyoda aniqlab olinishi o’ta murakkab. Ammo sun’iy intellekt bo’yicha mutaxassislar minglab signallar ichidan zarur axborotni saralab olishga qodir mashinalar yaratgan.

Dastlabki natija malakali ekspertlar tahlilidan ham tezroq va aniqroq bo’lib chiqdi. Maxfiy yadroviy faoliyatni endi yaxshiroq nazorat qilish imkoniyatiga egamiz, deydi olimlar. Yadroviy dasturini to’xtatish yoki muzlatishga rozi bo’lgan davlatlarni aniq tekshirish mumkin.