Pxenyan AQSh davlat kotibining muzokaralardan chetlatilishini istaydi

  • Amerika Ovozi

AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlari

Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Vashington bilan muzokaralar yangi bosqichga ko’tarilsa, Pxenyan AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo bilan boshqa aloqa qilmasligini bildirgan. Pompeo esa muzokara guruhining yetakchisi ekani va Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un yadroviy qurollarni yo’q qilishga bir necha bor va’da berganini eslatgan. Shimoliy Koreya rahbarining Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishi kutilayotgan ayni damda Pxenyan Vashingtonga keskin shartlar qo’ymoqda.

AQSh-Shimoliy Koreya muzokaralari fevral oyida samarasiz yakun topib, boshi berk ko’chaga kirib qolgan, tomonlar murosaga kela olmagan edi.

Shimoliy Koreyaning KNCA axborot agentligi Tashqi ishlar vazirligi rasmiysidan keltirgan iqtibosda “Umid qilamanki, muzokara olib boradigan shaxs Pompeo emas, balki biz bilan ehtiyotkor va oqilona munosabat o’rnata oladigan boshqa bir shaxs bo’ladi”, deyilgan.

“Hech qanday o’zgarish yuz bergani yo’q. Biz muzokaralar bo’yicha ishlashda davom etamiz. Barcha tashabbuslar boshida Prezident Donald Tramp turadi, biroq muzokara guruhiga men mas’ulman”, - dedi davlat kotibi.

Ana shunday bahsli vaziyatda Janubiy Koreya Prezidenti Mun Chje In Shimoliy Koreya ranbari Kim Chen Unni yadroviy dasturga oid muzokaralarning yangi bosqichini boshlashga chaqirmoqda. Tahlilchilar AQSh bunday tashabbusni qo’llab-quvvatlashini aytmoqda.

“Nazarimda, Tramp ma’muriyati Janubiy Koreya rahbarining vositachi sifatidagi rolidan manfaatdor. Chunki Xanoyda o’tgan so’nggi sammitdan keyin Shimoliy Koreya sukunatga cho’mgan, AQSh kanallaridan g’oyib bo’lgan”, - deydi Jorjtaun universiteti olimi Dennis Uaylder.

Shimoliy Koreya-Rossiya rahbarlari keyingi haftada ilk bor uchrashadi. Bundan avval Shimoliy Koreya rahbarining otasi Kim Chen Il 2002-yilda Rossiyaga ikki marta rasmiy safar bilan borgan edi.