Kreml harbiy sirni oshkor qilmaydi

  • Amerika Ovozi

Kreml 14 nafar harbiyning o’limiga sabab bo’lgan suvosti kemasi halokati tafsilotlarini oshkor qilmaslikka qaror qildi. Moskva fojia davlatning harbiy siri sanalgan ma’lumotlar sirasiga kirishini bildirgan.

Suvosti kemasida 1-iyul kuni Rossiyaning shimoldagi dengiz hududida yong’in chiqqan. Ekipajning 14 vakili zaharli gazdan halok bo’lgan. Bu haqda 2-iyul kuni xabar berilgan.

“Fojia bilan bog’liq ma’lumotlar davlat siri hisoblanadi. Rossiya qonunlariga muvofiq, tafsilotlarning oshkor qilinmasligi normal holat”, - deya izoh berdi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Rossiyaning “Novaya gazeta” nashrida yozilishicha, fojia “AS-12” kichik atom suvosti kemasida yuz bergan. Kema dengizning eng quyi qatlamlarida harakatlanish imkoniyatiga ega bo’lgan.