AQShda fuqarolik olayotganlar soni oshmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh fuqaroligini olish uchun qasamyod marosimi

2019-yil AQShda 833 ming odam fuqarolikka qabul qilingan. “Amerika Ovozi” muxbiri bir guruh yangi fuqarolarning qasamyod marosimida qatnashdi.

Qatnashchilar Amerika bayrog’ini chap qo’lida ushlab, o’ng qo’lini yuragiga qo’ygan holda AQShga sadoqat qasamyodini qabul qildi.

“Tarixdagi eng buyuk davlatlardan biriga qo’shilish va bu mamlakatga xizmat qilish sharaf”, - deydi asli ganalik yangi fuqaro Sandra Amoa.

Davrada yoshlar ham, keksalar ham bor. Qasamyod marosimi AQSh fuqaroligini olish yo’lidagi so’nggi qadam. Ayni paytda bu yangi hayotning debochasi.

“Mendek yosh yigit uchun endi ko’proq eshiklar ochiladi. Bu yerda imkoniyatlar katta”, - deydi yana bir ganalik yangi fuqaro.

“Juda hayajonlandim. Ko’pchilikka nasib qilmaydigan imtiyoz bu”, - deydi angliyalik Virjiniya Grovich.

AQSh fuqarosi bo’lishning imtiyozlari ko’p. Masalan, xorijdagi oila a’zolarini olib kelish yoki saylovlarda qatnashish. Ko’pchilik navbatdagi prezidentlik saylovida qatnashish huquqini qo’lga kiritganidan xursand.

“Fuqaroligimni oldim. Eng qizig’i, kelasi yil saylov bo’ladi va men unda ovoz beraman”, - deydi pokistonlik Sumrin Amir.

“Saylovda ovoz bermoqchiman”, - deydi Grovich.

Tramp ma’muriyati immigratsiyani cheklash harakatida. 2020-yilda xorijdan qabul qilinadigan qochoqlar soni 18 mingga tushirilgan. Shunga qaramay, 2019-yil 833 ming odam AQSh fuqaroligini oldi. Bu so’nggi 11 yil ichidagi rekord ko’rsatkich.

Immigratsiya idorasi rasmiysi Sara Teylorning aytishicha, fuqarolikka kirayotganlar sonining oshishi saylovning yaqinlashayotgani bilan ham bog’liq.

“Doim saylov oldidan shunaqa o’sish bo’ladi. O’tgan ikki yil ichida raqamlar yuqori bo’ldi va shunday davom etishini kutyapmiz”, - dedi Teylor.

Afg’oniston va Yaman kabi turli mamlakatlardan kelgan bu fuqarolar Amerikada yangi va porloq hayot qurish umidida. Chunki fuqarolik qasamyodi ular uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochadi.