AQSh va Tolibon zo'ravonlikni yetti kunga to'xtatmoqchi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh va Tolibon zo’ravonlikni yetti kunga to’xtatish bo’yicha muzokara o'tkazgan. NATO yetakchilari Bryusselda Afg’onistondagi vaziyatni muhokama qilishi ortidan Tramp ma’muriyati bu ma’lumotni tasdiqladi.

So’nggi xurujda ikki AQSh askari halok bo’lgach, Mudofaa vaziri Mark Esper AQSh va Tolibon birgalikda Afg’onistonda zo’ravonlikni kamaytirish taklifini olg’a surganini e’lon qildi.

“AQSh va Tolibon zo’ravonlikni yetti kunga to’xtatish bo’yicha muzokara olib bordi. Afg’onistonda eng yaxshi, ehtimol yagona yechim siyosiy kelishuv ekanini har doim aytib kelganmiz. Bu masalada siljish bor va tez orada ko’proq ma’lumot beramiz”, - dedi Esper.

Esper kelishuv tafsilotlariga to’xtalmadi, ammo bu muddat Tolibonning tinchlk haqida jiddiy o’ylab ko’rishi uchun yetarli ekaniga ishonishini aytdi.

“Bizningcha, yetti kun yetarli muddat. Lekin qarashimiz shuki, bu jarayon davom etishining shartlari bor”, - dedi mudofaa vaziri.

Pentagondagi yetakchi rasmiylardan birining aytishicha, Tolibonning o’z so’zida qanchalik samimiy ekanini aniqlash uchun AQSh vaziyatni yaqindan kuzatmoqda.

Tramp ma’muriyatiga ko’ra, vaqtinchalik sulh Tolibon va Kobul o’rtasida muzokaralarni boshlash yo’lida qo’lga kiritilgan muhim muvaffaqiyat.

Prezident Tramp tuganmas urushlarga, jumladan, Afg’onistondagi urushga yakun yasash niyatida eaknini aytib keladi.

Ammo ekspertlar Tolibon bilan kelishishda ehtiyot bo’lib, buni ma’lum shartlar evaziga amalga oshirishni so’ramoqda. Aks holda, deydi ular, AQSh kuchlari va ittifoqchilari jang maydonida og’ir oqibatlar bilan yuzlashishi mumkin.

“Boksda qo’lingizni tushirsangiz, nima bo’ladi? Agar jangni tugatuvchi qo’ng’iroq chalinmasa, sizni urib yiqitishadi. Charchadik, uyga ketamiz, deganimiz bilan Tolibon jangni to’xtatib qo’ymaydi”, - deydi tadqiqotchi Bredli Baumen.

Mudofaa vaziri Esper va AQSh qo’mondonlarining aytishicha, ular Afg’onistondagi Amerika kuchlari sonini 8600 ga tushirishga rozi. Agar zo’ravonlikni to’xtatish bo’yicha sulh natija bersa, AQSh askarlarini kamaytirish rejasi ham amalga oshadi.