BMT: Koronavirus inson huquqlari inqiroziga aylanmoqda

  • Amerika Ovozi

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antonio Guterrish koronavirus pandemiyasi inson huquqlari inqiroziga aylanayotganidan xavotir bildirdi.

U 23-aprel kuni qilgan bayonotida hukumatlarni sog'liqni saqlash xizmatlaridan barcha insonlar foydalanishini, iqtisodiy yordam paketlari eng ko'p zarar ko'rganlarga berilishini va har kimning oziq-ovqat, suv va uy-joy olish imkoniyatiga ega bo'lishini ta'minlashga chaqirdi.

“Virus odam ajratmasligini ko'rdik, ammo uning oqibatlari davlat xizmatlarini taqdim etishdagi chuqur kamchiliklarni va tarkibiy tengsizliklarni fosh qilmoqda. Javob choralarida bu muammolarga yetarli e’tibor berilishiga ishonch hosil qilishimiz kerak”, - dedi Guterrish.

"Hech qachon unutmaylik: tahdid bu odamlar emas, balki virusdir", - deb qo'shimcha qildi u.

Koronavirusga qarshi kurashda ba’zi mamlakatlar muvaffaqiyat qozonayotgan bo’lsa, ayrim joylarda virus qayta bosh ko’tarmoqda.

"Xato qilmang: oldimizda hali uzoq yo’l bor. Bu virus uzoq vaqt biz bilan birga bo'ladi, - dedi Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adxanom Gebreyesus. - Ko'plab davlatlarda epidemiya endi boshlanmoqda. Boshida pandemiyaga uchragan ba’zi mamlakatlarda esa kasallik qayta bosh ko’tarayotgani ham kuzatilmoqda".

AQSh sog'liqni saqlash rasmiylari aholini gripp mavsumi ham kelayotganidan ogohlantirib, kasallikka qarshi vaksinalarni o’z vaqtida olishga undamoqda. Agar tumov va koronavirus bir paytda tarqaladigan bo’lsa, sog’liqni saqlash tizimlari bemorlar sonidagi o’sishga dosh bera olmaydi.

Har ikki virus simptomlari bir-biriga o’xshash. Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi direktori Robert Redfildning aytishicha, hozirgi paytda tumov va koronavirusni bir-biridan farqlash muhim.

Ko'plab mamlakatlar koronavirus tarqalishini to'xtatish uchun ijtimoiy cheklovlar va uyda qolish choralari bilan shug'ullanmoqda.

Pandemiya bilan bog’liq cheklovlar islom olamida muborak Ramazon oyining boshlanishiga to’g’ri keldi.

Dunyoda eng ko'p musulmon aholiga ega Indoneziya katta shaharlarda yashovchi o'n millionlab odamlarning boshqa hududlardagi uylariga borishini taqiqladi. Poytaxt Jakarta rasmiylari karantin choralarini 22-mayga qadar uzaytirdi va musulmonlardan masjidlarga bormaslikni so'radi.

Turkiya Sog'liqni saqlash vaziri ham shunga o'xshash choralarni ko'rishga chaqirib, odamlar kelgusi yilgacha Ramazon oyi davomida do'stlari va oilalari bilan jamoat joylarida iftorlik qilish odatini bekor qilishlari kerakligini aytdi.

Turkiya dam olish kunlari komendantlik soatlarini joriy qildi va 20 yoshgacha bo’lgan hamda 65 yoshdan oshganlarga uylarini tark etishni man etdi.

Pokistonda esa mutaxassislarning tavsiyasiga qaramay, masjidlarni ochiq qoldirishga qaror qilingan. Odamlar ijtimoiy masofa saqlagan holda ibodat qilishga chaqirilmoqda.

Odamlarning ibodat qilish uchun yig'ilishiga ruxsat berish-qilmaslik haqidagi savol ko'plab mamlakatlarda va turli dinlarda muhokamalarga sabab bo’lyapti.

AQSh rasmiylari shu oy boshida nasroniylarning Pasxa bayrami uchun yig’ilishiga taqiq qo’ydi, ammo ba'zi cherkovlar bu taqiqqa rioya qilmay, ommaviy tadbirlar o’tkazgan.

Kaliforniya shtatida uchta cherkov odamlarning ibodatxonalarga yig'ilishini taqiqlovchi gubernator qarori ustidan sudga shikoyat qildi. Ularga ko'ra, bu buyruq konstitutsiyada belgilangan din va vijdon erkinligi huquqini poymol qiladi.

Sud pandemiya kabi favqulodda holatlarda hukumat konstitutsiyaviy huquqlarni cheklovchi qarorlar qabul qilishga haqli ekanini aytib, cherkovlarning da'vosini rad etdi.