AQSh yil oxirigacha grin-karta bermaydi, vizalar cheklanmoqda

  • Amerika Ovozi

Aprelda Oq uy AQShda doimiy yashash va ishlash imkoniyatini beruvchi grin-karta olish jarayonini ikki oyga oldin muzlatgan edi. Bu cheklov endi yil oxirigacha cho'zildi. Ishlash uchun viza berish ham keskin kamaygan.

Maqsad, deya tushuntiradi Tramp ma'muriyati, mamlakatdagi ish joylarini amerikaliklar uchun saqlash. Koronavirus pandemiyasi tufayli o'nlab million odamlar ishsiz ekan, xizmatchi qidirayotgan kompaniyalar kadrlarni Amerikaning o'zidan olsin, deydi mutasaddilar.

Buni ham ko'ring Tramp AQShga doimiy yashash va ishlashga kelishni ikki oyga to'xtatadi

Oq uy hisobicha bu cheklov bilan 525 mingga yaqin ish o'rni mahalliy mutaxassislar uchun qoladi.

Cheklov Amerikada yashayotganlar yoki fuqarolikka kirish uchun uchun hujjat topshirayotganlarga taalluqli emas.

Lotereya orqali grin-karta yutib, uni hujjatlashtirish jarayonini boshlashga harakat qilayotganlar ham kutishga majbur, deydi rasmiylar. Cheklov chet eldan turib grin-karta olish bilan bog'liq barcha jarayonlarni qoplaydi.

Amerika texnologiya sanoati xorijdan olib keladigan ishchilar asosan H-1B vizasi bilan keladi. H-2B esa mavsumiy ish uchun beriladi. J-1 vizasi o'quv dasturlari qatnashchilari, L-1 esa xalqaro korporatsiyalarning menejerlari uchun. Hozirda bu vizalar berishda ham cheklovlar joriy etilgan.

Sanoatlar va tijorat palatalari Oq uyni cheklov siyosatini kengaytirmaslikka undamoqa. Amerika darvozalari chet ellik mutaxassislarga ochiq turmasligi iqtisodiyotni zaiflashtiradi, raqobatbardoshlikkka zarar yetkazadi, degan ogohlantirishlar yangramoqda.

"Apple", "Amazon", "Facebook" singari yirik kompaniyalar Oq uyga murojaat qilib, cheklovni bekor qilishni so'ragan.

Lekin ommaviy so'rovlarga ko'ra, amerikaliklarning 65 foizi immigratsion va no-immigratsion viza berishni vaqtincha cheklash to'g'ri deb hisoblaydi.

2020-yilning fevral oyidan beri no-immigratsion viza berish 90 foizga kamaygan. O'tgan oy AQSh konsulliklari jami 40 ming shunday viza tamg'asini bosgan. Yanvar oyida 670 ming odam shunday viza olgan.