Kaliforniya shtatida federal emlash markazlari ochildi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Prezidenti Jo Bayden koronavirusga qarshi federal emlash ishlarini kuchaytirishga va’da bergan edi. Kaliforniya shtatida shu maqsadda yangi vaksina markazlari ishga tushdi.

Kaliforniyaning Oklend shahridagi sport arenasi avtoturargohi mashinalar bilan gavjum. Ammo ular o’yin tomosha qilgani emas, balki vaksina olgani kelyapti. Prezident Jo Baydenning “100 kunda 100 markaz” deb nomlangan tashabbusi doirasida Kaliforniya birinchilardan bo’lib federal emlash markazini ochdi.

“Maqsadimiz bir kunda 6000 tagacha odamni emlash. Bu yerda 600 dan ortiq ishchi bor. Ko’proq odamga xizmat ko’rsatish uchun haftada yetti kun, bir kunda 10 soat ishlashyapti”, - deydi federal agentlik vakili Temmi Littrel.

Vaksina markazlarini boshqarish ishlari Favqulodda vaziyatlarni boshqarish agentligi zimmasida.

Yangi markaz bir hafta ichida barpo etildi. Koronavirusga qarshi kurashda har bir kun g’animat.

Tramp ma’muriyati davrida vaksina ta’minoti va uni tarqatish ishlari, asosan, shtatlar tomonidan mustaqil boshqarilgan edi.

Bayden markazlashgan boshqaruv tizimini joriy qilib, federal hukumat ishtirokini kuchaytirdi.

“Barcha amerikaliklarni emlashga yetadigan vaksina zaxirasini sotib oldik. Endi ularni millionlab amerikaliklar qo’liga yetkazish ustida ishlayapmiz”, - dedi Bayden.

Eng ko’p aholiga ega Kaliforniya ayni paytda koronavirusdan o’lganlar soni eng yuqori bo’lgan shtat. O’tgan hafta vaksina yetishmovchiligi tufayli ba’zi emlash joylari vaqtincha ishini to’xtatgan edi.

Rasmiylarning aytishicha, federal markazlar shtatlarga beriladigan vaksinalarni olib tarqatmaydi, balki qo’shimcha zaxiradan foydalanadi.

“Zaxira ta’minoti bo’yicha mavjud ehtiyoj va qiyinchiliklarni hisobga olib, biz zaxirani kamaytirmaymiz, aksincha, unga yana qo’shamiz”, - deydi hukumat vakili Tina Kurri.

Kalifroniyadagi yangi markazlar pandemiyadan eng ko’p aziyat chekkan ispanzabon va qora tanlilar yashovchi hududlarga yaqin joyda ochildi.

Tashabbus doirasida aholining bu guruhlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“Mobil harakatlanuvchi yordam bo’limlarimiz bor. Ular eng ko’p aziyat chekkan aholi orasiga kirib borib, emlash ishlarini tashkillashtiradi”, - deydi Littrel.

Kelasi haftalarda Texas va Nyu-Yorkda ham yangi federal emlash markazlari ochilishi kutilyapti.