"Shovvozsoy" maskani haqida yetarli ma'lumot berildimi?

Your browser doesn’t support HTML5

So’ngi paytlarda Vladimir Putin, Aleksandr Lukashenko va Shavkat Mirziyoyevning mol-mulkiga doir jurnalistik surishtiruvlar o'tkazildi.

Belarus jurnalistlari tomonidan e’lon qilingan filmda Lukashenkoning hashamatli hayoti, mol-mulki, saroylari haqida hikoya qilinadi.

Diqqatlisi shundaki, Belarus jamoatchiligi mamlakat prezidenti korrupsiyada gumonlangan bu surishtiruvga nisbatan tezda rasmiy javob oldi. Prezident Lukashenko televideniye orqali barcha ayblovlarni inkor qilib chiqdi, hashamatga toqati yo’qligini ta’kidlar ekan, jurnalistlarni surishtiruvda keltirilgan qasrlarni ko’rishga ham taklif qildi.

Muxolifatchi Aleksey Navalniyning Rossiyada va undan tashqarida jiddiy shov-shuvlarga sabab bo’lgan “Putin saroyi” haqidagi surishtiruvi ham javobsiz qolgani yo’q. Avvaliga Kreml ma’muriyati, keyinroq Prezident Vladimir Putinning o’zi surishtiruv markazida turgan Gelenjikdagi hashamatli qasr Rossiya prezidentiga tegishli ekanligi haqidagi da’voni rad etib chiqdi.

“Ozodlik” radiosining Shovvozsoyda O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev uchun salkam bir milliard dollar qiymatdagi qasr qurilgani haqidagi surishtiruviga esa na prezident ma’muriyati va na Shavkat Mirziyoyevning o’zi tomonidan biror izoh berildi.

Agar hukumat munosabati, izohi, ayniqsa, davlat rahbarlariga doxil masala bo’yicha tushuntirishlar jurnalistlar uchun emas, balki shu mamlakat jamoatchiligi uchun berilishi inobatga olinsa, Prezident Mirziyoyev, uning ma’muriyati ham jamoatchilikka hisobot berishni lozim topmagan ko’rinadi.

“O’zbekiston temir yo’llari” tomonidan bu borada berilgan raddiya esa jamoatchilikni qoniqtirmadi. Faollarga ko’ra, bu qasr maqomi, u davlatga tegishli rasmiy qarorgohmi, xususiy mulkmi yoki kimning hisobidan, qaysi mablag’ evaziga qurilganiga doir savollar hamon ochiq qolmoqda.