Olloqulov saylov arafasida muxolifatni birlashishga chaqirmoqda

“Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi lideri professor Olloqullov saylov arafasida muxoliflarni, ziyolilarni birlashishga chaqirmoqda. Ishonch bildirilsa, birlashgan siyosiy kuchlar yetakchisi bo’lishga ham tayyor.

Your browser doesn’t support HTML5

O’zbek muxolifati birlashmoqdami?

“Haqiqat va taraqqiyot” partiyasining ro’yxatdan o’tishga urinishi esa bir yildan oshiqdirki, samarasiz davom etyapti. Hozirgacha partiya tarafdorlari bo’lgan o’nlab faollar tazyiqqa olindi, ayrimlar o’z imzosini qaytarib olishga majburlandi, ayrimlar jarimaga tortildi, turli darajadagi huquqbuzarlikda ayblanishdi.

Ayni paytda birgina partiya lideri va uning oila a’zolariga nisbatan bir nechta mahkama ochilgan. Ammo bulardan qat’iy nazar partiya faollari imzo yig’ishda, ro’yxatdan o’tishga urinishda davom etmoqda.

Prezidentlik saylovi yaqinlashar ekan, mamlakat siyosiy maydonida muxoliflik da’vosidagi kuchlar uchun imkoniyat ancha cheklangan ko’rinadi. Muqobilsiz saylovlarning tan olinishi katta shubha ostida.

“Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi lideri shunday vaziyatda hukumatni muloqotga, mamlakatdagi muxoliflarni esa saylov arafasida birlashishga undamoqda. Professor Xidirnazar Olloqulovning “Amerika ovozi”ga aytishicha, mamlakatdagi vaziyat demokratiya maqsadidagi siyosiy kuchlar birligini taqozo etmoqda, shaxsan u ishonch bildirilgan taqdirda mas’uliyatni zimmaga olishga tayyor.