Kaliforniyada cheklovlar qaytmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda koronavirusning “Delta” shtammi tezlik bilan yoyilishda davom etmoqda. Kaliforniyaning Los-Anjeles okrugi vaksina olganlarga ham yopiq jamoat joylarida niqob bilan yurishni tavsiya qildi.

Yangi tavsiya Kaliforniyada pandemiya bilan bog’liq aksariyat cheklovlar bekor qilinishidan ikki hafta o’tib e’lon qilindi.

Yangilik ko’plab fuqarolar uchun kutilmagan hol bo’ldi.

“Vaksina olgandim. Agar emlangan bo’lsangiz va boshqalar ham emlansa, niqob taqishga hojat yo’q deb hisoblayman. Oziq-ovqat do’koniga bemalol yurib borishni va erkin nafas olishni xohlayman”, - deydi Keyli ismli fuqaro.

Koronavirus yangi turlarining ko’payganidan xavotir olayotganlar ham bor.

“Aytganlariga rioya qilishimiz kerak. O’zim hali emlanmadim. Shunday qilish lozim bo’lsa, albatta, qilaman”, - deydi Igo ismli shaxs.

May oyida kasallanganlarning faqat to’rt foizida “Delta” turi aniqlangan edi. Hozir bu raqam 14,5 foizga yetgan.

“Virusning bu turi oddiy tumovdan ko’ra ancha yuqumli. Yangi “Delta” shtammi insondagi oqsil bilan yaxshi chiqishadi, shuning uchun tez tarqalyapti”, - deydi doktor Aleksandr Lyubimov.

“Yaxshi xabar shuki, vaksinalar, xususan, “”Pfizer” va “AstraZeneca” bu virus turidan jiddiy kasallanish va kasalxonaga yotish ehtimolini kamaytiradi. Yomon xabar shuki, u tez yuqadi, bu degani, tez tarqaladi”, - deydi Kaliforniya universiteti professori Timoti Bryuer.

Ekspertlarning aytishicha, virusning yangi turi vaksina olmaganlar yoki uning faqat bir dozasini olganlar uchun, ayniqsa, xavfli. Xronik kasalliklar yoki zaif immunitetga egalar uchun ham u xatarli.

Shu bois ehtiyot yuzasidan niqob taqqan yaxshiroq, deydi rasmiylar.

“Barcha, xususan, vaksina olganlar ichkarida niqob taqishini talab qilishning sababi shundaki, koronavurus, asosan, yopiq joylarda yuqadi. Tashqarida bo’lsangiz, ayniqsa, ijtimoiy masofa saqlansa, yuqish ehtimoli juda past. Lekin ichkarida, odamlar bilan uzoq vaqt birga bo’lsangiz, virus yuqish xavfi oshadi. Shu bois niqob taqish yordam beradi”, - deydi professor Bryuer.

Kaliforniyada vaksina olayotganlar soni ko’p. Jami aholining deyarli yarmi allaqachon emlangan.

Emlanish darajasi qancha yuqori bo’lsa, shtatning pandemiya tufayli qayta yopilish ehtimoli shuncha past bo’ladi. AQShda shu paytgacha jami 160 millionga yaqin odam to’liq emlangan. Bu aholining 50 foizga yaqinini tashkil etadi.