Afg’oniston tibbiy ko’makdan uzilib qoldi

  • Amerika Ovozi

O'z uyidan boshqa hududlarga ko'chishga majbur bo'lgan afg'on oilalarining farzandlari. 3-fevral, 2021.

Jahon Sog’liqni saqlash tashkiloti va UNICEF Afg’onistonga tibbiy ko’mak yetkazish maqsadida gumanitar aviako’prik joriy etishga chaqirmoqda.

Tolibon Afg’onistonda nazorat o’rnatgandan buyon Kobul aeroportidagi havo operatsiyalari asosan evakuatsiya missiyasidan iborat bo’lmoqda.

JSST joriy haftada Afg’onistonga 500 tonnalik tibbiy ko’mak yukini yetkazib bera olmagan. Gumanitar yordam paketida jarrohlik uskunalari, travma hamda bolalar pnevmaniyasini davolaydigan dorilar bor edi. Kobul aeroportidagi cheklovlar va favqulodda vaziyat tufayli gumanitar yordam reyslari bekor qilingan.

BMT ning bolalar fondi so’zlovchisi Jeyms Elderning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, JSST yo’llashi kerak bo’lgan yordam paketida ahvoli og’ir bolalar uchun maxsus ozuqa ham bor.

“Afg’onistonda joriy yilda yetarli va lozim moddalarni iste’mol qilishdan mahrum bo’lgan besh yoshdan kichik bolalar soni 1 million bo’lishi mumkin. Bu og’ir holat ko’p hollarda o’lim bilan yakun topadi. Shuning uchun ham Afg’onistonda maxsus ozuqa zahirasi saqlanishi kerak. Ularning aksariyati havo orqali yetkaziladi. Ayni damda ushbu mamlakatdagi mavjud zahiramiz uzoqqa yetmaydi”, - deydi Elder.

Shundan kelib chiqib, JSST va UNICEF Afg’onistonga gumanitar aviako’prik joriy qilishni o’ta muhim deb hisoblaydi. Odamlar hayotini saqlab qolishga xizmat qiladigan yuklar parvozi evakuatsiya jarayoni bilan parallel ravishda davom etishi kerak, deya tushuntiradi Elder.

BMT hisob-kitoblariga ko’ra, Afg’oniston aholisining yarmi, ya’ni 18 million odam tibbiy yordamga muhtoj. Ularning 10 millionga yaqini bolalar.