Mahalla raisini saylashni eplamagan o'zbekistonliklar prezidentni qanday sayladi?

Your browser doesn’t support HTML5

O’zbekiston prezidenti saylovlari g’olibi Shavkat Mirziyoyev xalqaro jamoatchilik o’zbekistonliklarning saylovdagi faol ishtirokidan hayratda ekanini aytmoqda.

Buni ham ko'ring YXHT: Islohotlarga qaramay O'zbekistonda saylov demokratik deb topilmadi

Agar mamlakatda saylovning bo’lib o’tganini belgilovchi marra 33 foiz atrofida ekanligi inobatga olinsa, saylovdagi 81 foiz ishtirok haqiqatda o’ta yuqori ko‘rsatkich ekanligi yaqqol ko’rinadi.

Bu ko’rsatkich prezidentga bildirilgan yuksak ishonchdan darakmi yoki O’zbekiston saylovlariga xos an’anaviylikni aks ettiradimi?

Raqamlarga tayanilsa, Islom Karimov va Mirziyoyev davridagi ko’rsatkichlarda keskin farqlar yo’q. Umuman, O’zbekiston saylovlarida 80 foizdan kam ko’rsatkich ishtirok deyarli qayd qilinmagan. Deylik, Mirziyoyev 88 foiz ovoz olgan 2016-yildagi saylovlardagi ishtirok 87 foizdan oshiq bo’lgan.

Ammo ko’rsatkichlar, foizlar har doim ham saylash, tanlash imkoniyati, qolaversa, saylash qurbidan ham darak bermaydi.

Har holda, o’zbekistonliklar nafaqat hokimlarni, hatto mahallaning raisini saylashni eplay olishmayotgani Prezident Mirziyoyevning o’zi tomonidan qilingan iddaodir.

Buni ham ko'ring Sherzod Qudratxo'ja: "Biz saylovdan shou qilmadik"

Shundan kelib chiqilsa, prezident saylovida 80 foizdan oshiq saylovchi ishtirok etgani aholining siyosiy faolligidan darak emasdek. Aksincha, faollar saylovga nisbatan ishonchsizlik kuchayganini siyosiy uyg’oqlik dalili o’laroq taqdim qilishmoqda.

Muxolifatchi Namoz Normo’min O’zbekistonda prezidentlik saylov kampaniyasiga start berilgan paytda ijtimoiy tarmoqda “Yolg’on saylovlarga qarshi” safarbarlik boshladi. U uch oy davom etgan bu tashabbusi doirasida ko’plab o’zbekistonliklar bilan suhbatlar o’tkazdi, saylov jarayonini muhokama qilib bordi.

Namoz Normo’minning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, saylovdagi ishtirokka doir ko’rsatkichlar bo’rttirilgan, jamoatchilikda, xususan, ziyolilar orasida Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi olqishlangan avvalgi umidlar so’nib bormoqda.