To'qayev qarori Qozog'istonda norozilik namoyishlarini to'xtatmadi

  • Amerika Ovozi

Qozog'istonda minglab odamlar norozilik namoyishida

Qozog'istonda hukumatdan va yonilg'i qimmatligidan norozi omma mamlakat bo'ylab namoyishlarni davom ettirmoqda. 5-yanvar kuni namoyishchilar poytaxt Nur-Sultonda prezident idorasiga kirishga harakat qilgan. Bosh prokuratura joylashgan majmuaga o't qo'yilgani haqida ma'lumotlar bor. Nur-Sultonda ikki haftaga favqulodda holat e'lon qilingan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 5-yanvar, 2022-yil

Norozilik chiqishlari avj olar ekan, elboshi Nursulton Nazarboyev Davlat xavfsizligi kengashi raisligidan ketgan. Prezident Qosim-Jo'mart To'qayev uning o'rnini egallagan.

Qozog'istonning eng yirik shahri Almatida hokimiyat binosi alanga ichida. Hukumat zo'ravonlikka berilganlarga qarshi keskin choralar ko'riladi deya ogohlantirmoqda.

Kecha Prezident Qosim-Jo'mart To'qayev fuqarolarni tartibni buzmaslikka chaqirib, buzganlar qonun oldida javob beradi, deya eslatgan edi. Bugun ham yana xalqqa murojaat qilib, tinchlanishni so'radi.

Almati hokimiyati joylashgan majmua alanga ichida, 5-yanvar, 2022

Hukumat yangilanayotgani e'lon qilingan. Bosh vazir o'zgargan. Alixon Smailov vaqtincha bu vazifada. Yangi vazirlar tayinlangunicha hozirgilari ishlab turadi.

Namoyishchilarga ko'ra, bu o'zgarishlar yetmaydi. Ular butun tizimda yangilik talab qilmoqda. Elboshi Nursulton Nazarboyev va uning orqasida turgan rahbarlar siyosiy maydondan ketishi kerak, deydi ular.

Qozog'istonda mobil aloqa va internet yanada cheklangan. Ijtimoiy tarmoqlarga to'siqlar qo'yilgan.

Favqulodda holat Almati shahri va Mangistau viloyatlarida kechadan beri hukmron.

Almati ko'chalaridagi omma, 5-yanvar, 2022

Omma nafaqat yonilg'i qimmatligidan, balki tirikchilik tobora qiyinlashib borayotganidan, korrupsiya chuqur ildiz otganidan, hukumatda va parlamentda bir guruh, Nazarboyevning "Nur -Otan" partiyasi a'zolari o'tirganidan g'azabda.

Namoyishchilar Qozog'istonda avtoritar boshqaruvdan to'ygani, ijtimoiy-iqtisodiy tafovutlar kuchaygani, hokimiyat xalq dardini tinglamasligidan nolimoqda.

Hukumat norozi omma bilan muloqotda ekanini ta'kidlab, masalani murosa orqali hal qilishga undamoqda. Lekin Tokayevning qayd etishicha, "Qozog'iston tinchligini buzganlar jazolanadi".

Politsiya ko'zni yoshlantiradigan gaz va boshqa vositalar orqali odamlarni tarqatishga urinmoqda.

Bugun xavfsizlik organlarining mashinalariga o't qo'yilgan. Bir necha namoyishchi yaralangani haqida xabarlar bor.