Tojik choyxonasi, Nebraska: Mijozlarimizning 70 foizi amerikaliklar

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Omaxa – AQShning Nebraska shtatidagi eng yirik shahar, Missuri daryosi bo’yida joylashgan. Omaxada markaziy osiyoliklarning kattagina jamoasi yashaydi.

O’z biznesiga ega bo’lish Ravshan Sultonovning azaliy orzusi edi. Amerikaliklarga Markaziy Osiyo taomlarini tanishtirish, muhojirlar milliy taomlar va bir piyola choy ustida uchrashadigan bir joy ochishni istagan edim, deydi u.

Lotereyani yutganidan keyin yashash uchun Nebraska shtati, Omaxa shahrini tanlaganidan xursand.

“Grin karta lotereyasi orqali Amerikaga ko’chib kelishga muyassar bo’lganlardan birimiz. Lotereyani yutganimizdan keyin qaysi shtatga borish, qaysi shaharda joylashish to’g’risida o’ylandik. Bu yerdagi do’stlar, qarindosh va birodarlar bilan maslahatlashdik. Oilasi bilan AQShga keladiganlar uchun Nebraska shtati, Omaxa shahri yaxshi, qulay joy deyishdi. Nebraskada tojiklar, o’zbeklar, umuman, osiyoliklar ko’p. Shu bois Omaxani tanladik”, - deydi u.

Buni ham ko'ring Kolorado: Boulder-Dushanbe choyxonasi

Ravshan Sultonov AQShga 2013-yilda ko’chib kelgan. Asli Tojikistonning Xo’jand shahridan. Choyxonani 2018-yilda ochgan.

“Birinchi kelganimizda avvalo ingliz tilidan qiynaldik, tilni yaxshi bilmas edik. Bepul kurslarga qatnadik. Albatta, boshqa davlatga borgan har bir muhojir bunday muammolar bilan yuzlashishi tabiiy. Chunki boshqa davlat, boshqa madaniyat, boshqa xalq. Lekin Omaxada tojik jamoasi kattagina, ular qo’llab-quvvatlashdi. Tilni yaxshiroq o’rganib, ish boshladik. Markaziy osiyoliklar ko’pligini ko’rib, do’stlar bilan birga choyxona ochishga qaror qildik. Shu orqali madaniyatimiz, urf-odatlarimizni ham amerikaliklarga namoyish etamiz. Taomlarimiz hammaga ma’qul. Mijozlarimizning 70 foizi amerikaliklar. Choyxonamizda to’y-ma’rakalar ham o’tkaziladi”, - deydi Sultonov.

“Milliy taomlarimizni ko’p tayyorlaymiz. Tojikiston, O’zbekiston taomlarini, shuningdek, Rossiya. Menyumizda ukraincha borsh ham bor. Amerikalik mijozlarga palov, manti, borsh juda yoqadi. Halol go’sht ishlatamiz. Amerikalik xo’randalarga shashlik ham juda ma’qul”, - deydi restoran egasi.

Choyxonani bezatishda qo’llangan san’at asarlari, dekoratsiyalar Tojikistondan olib kelingan. Ravshan Sultonov bu joyni imkon boricha Tojikistondagi restoranlarga o’xshatishga harakat qilganini aytadi. Hozirda besh nafar xodimi bor, o’zi ham oshxonada yordamlashadi.

“Bu yerda imkoniyat ko’p. Hamma narsa aniq belgilangan. Biznes ochmoqchi bo’lsangiz, qanday qog’ozlar kerakligini oldindan bilasiz. Oson qilib qo’yishgan. Vebsaytga kirib, hujjatlar ro’yxatini darhol ko’rasiz. Qoidalarga rioya qilsangiz va eng muhimi soliqlarni vaqtida to’lasangiz bo’lgani, sizda hech qanday muammo yo’q”, - deydi choyxona xodimi Valijon Obidov.

Yerbol Mirzagulov - doimiy mijozlardan biri:

“Birinchi navbatda, albatta, mazali ovqatlanish uchun kelamiz bu yerga. Chunki Amerika taomlarini yeyishdan charchaydi odam. Choyxonada o’zimizni vatandagidek his qilamiz, milliy taomlarimizni eslaymiz. Shuningdek, bu yerda MDH mamlakatlaridan ko’plab odamlarni uchratasiz. Ular bilan aloqa o’rnatish, muloqot qilish, uchrashish mumkin. Juda qulay, chiroyli joy”.

Sultonovning aytishicha, o’z ishingizni sevib bajarsangiz, kuch-g’ayratingizni shu ishga sarflasangiz, muvaffaqiyat albatta keladi.

“Amerikaga kelishni istaganlarga aytmoqchimanki, bu imkoniyatlar mamlakati. O’z biznesingizni bemalol yuritishingiz mumkin. Qonun-qoidalarga rioya qilsangiz, o’ylaymanki Amerikadagi muvaffaqiyatli insonlar qatoridan joy olasiz”, - deydi u.