Faollar: Qirg’izistonda muxolif fikr va so’z erkinligi cheklanmoqda

Jurnalist Bolot Temirovning yaqinlari va tarafdorlari, Bishkek, 23-yanvar, 2022

Qirgʻizistonning Oʻsh viloyati Oʻzgan tumanida 18-fevral kuni jamoatchi faol va “Butun Qirgʻiziston” partiyasining aʼzosi Mirlan Uraimovni qoʻllab, 500 nafarga yaqin fuqaro tinch namoyish oʻtkazdi.

Qirgʻiziston xavfsizlik xizmati xodimlari Uraimovni 8-fevral tunida qoʻlga olib, uning uyini tintuv qilgan.

9-fevralda maxsus xizmat bayon qilishicha, Uraimov hokimiyatni kuch bilan bosib olishga ochiq daʼvat qilganlikda ayblanmoqda. Tergovning farazi boʻyicha, Uraimov ijtimoiy tarmoqlarda “provakatsion materiallarni tarqatgan”.

Uraimovning advokati va tarafdorlari kuch idoralari faolni “ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan izohi uchun qoʻlga olganini”, ammo u hech qanday chaqiriq qilmaganini va izohlar “uning uslubida yozilmaganini” daʼvo qilmoqdalar.

Namoyish ishtirokchilari fikricha, Uraimovning ijtimoiy tarmoqdagi akkauntlariga kimlardir buzib kirib, izohlar yozgan.

Qirgʻiziston Bosh prokurori Qurmonqul Zulushev 9-fevralda oʻtgan matbuot anjumanida deydiki, Uraimov “bugungi hokimiyatni almashtirish kerak” deb, prezident Sadir Japarov hamda Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasining yetakchisi Qamchibek Tashiyevga “turli nomlarni qoʻyib, chaqiriqlar qilgan”.

Zulushevga ko’ra, kimnidir yomonlagani uchun fuqaroga nisbatan jinoyat ishini qoʻzgʻash toʻgʻri emas, ammo ayni vaqtda “yomonlovchining ongida chaqiriq yoki davlat xavfsizligiga tahdid soluvchi harakatlar boʻlsa”, bu shaxs javobgarlikka tortilishi kerak.

Your browser doesn’t support HTML5

Qirg'izistonda so'z va matbuot erkinligi cheklanayotgani yuzasidan jiddiy xavotirlar

10-fevralda Uraimov “hukumatni kuch bilan bosib olishga ochiq chaqiriq qilgan” degan gumon bilan ikki oyga qamalgan.

Norozilik namoyishiga chiqqanlar Uraimovni ozodlikka chiqarishni talab qildi.

“Butun Qirgʻiziston” partiyasining lideri Adaxan Madumarovga boʻlgan siyosiy quvgʻin boshlangani, buning ortidan Madumarovni jilovlash, bezdirish, qoʻrqitish maqsadida uning tarafdorlarini, uning yonida yurgan partiyaning faol aʼzosi Mirlan Uraimovning “Feysbuk” sahifasini buzib kirib, “Samsung J6” telefoni orqali oʻzlari u ishlatgan sahifalardan izoh yozib, uni sen yozding, degan daʼvo bilan qamagani bois xalq qonuniy talabini qoʻyib, “Adaxan Madumarovdan qoʻlinglarni tortinglar”, “Unga siyosiy erkinlik beringlar”, “Mirlan Uraimovni tez orada, uch kun ichida ozod qilinglar» degan talablar bilan hukumatga murojaat qilmoqdamiz”, - deydi miting ishtirokchilaridan biri Zamirbek Shamshiddin oʻgʻli.

Buni ham ko'ring Qirg'iziston koronavirus pandemiyasini yengdimi?

Mitingda ishtirok etganlar “Mirlan Uraimovga ozodlik!”, “Haqiqat xalq tomonda!”, “Soʻz erkinligini talab qilamiz!”, “Mirlan Uraimov qirgʻiz xalqi sen bilan!”, “Mirlan Uraimov qirgʻiz yeri, xalqi uchun fidokor inson” degan shiorlarni koʻtarib chiqishdi. Shu bilan birga ular “Mirlan Uraimovga ozodlik” hamda “Adaxan Madumarovdan qoʻlingni tort!”, degan shiorlarni aytishdi.

Uraimovning partiyadoshlari nazarida faol muxolif siyosiy fikrlari uchun qoʻlga olingan. U 2021-yili Oʻzganda Qirgʻiziston-Oʻzbekiston chegarasidagi ”Kampirobod” suv omborining plotinasini Oʻzbekistonga berishga qarshi norozilik aksiyalarining uyushtiruvchilaridan biri, deydi tarafdorlar.

Qirgʻizistondagi media tashkilotlar soʻz erkinligi va fuqarolarning konstitutsiyaviy haqlari tahdid ostida, deb xavotirlanmoqda.

Surishtiruvchi jurnalist Bolot Temirov va siyosiy qoʻshiqlari bilan tanilgan, oqin-baxshi Bolot Nazarovning qoʻlga olinishi, shuningdek, Kaktus.media nashriga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ish mamlakatda soʻz erkinligini jilovlash avj olganidan dalolat, deya noliydi jurnalistlar va blogerlar.

“Bu kabi ishlarning barini jamoatchilik soʻz erkinligiga boʻlgan toʻgʻridan-toʻgʻri bosim deb qabul qilmoqda. Chunki ijtimoiy tarmoqlar orqali har bir fuqaroning oʻzining erkin fikrini bildirishi, bizning konstitutsion huquqimiz. Ammo, afsuski bizning qonuniy haqlarimizni, qonun doirasida qilayotgan talablarimizni ayrim joylarda oʻzlari soxta yoʻl bilan noqonuniylikka mos keltirib, keyin soxta jinoiy ishlarni ochishmoqda”, - deydi, siyosatchi Zamirbek Shamshiddin oʻgʻli.

Buni ham ko'ring Vashington choyxonasi: Qirg'izistonda o'tgan bir yil tahlili

Inson huquqlari himoyachisi Izzatillo Rahmatullayev ham soʻnggi vaqtlarda Qirgʻizistonda matbuot erkinligini tizginlashga urinishlar boʻlayotgani yaqqol sezilmoqda degan fikrda.

“Bugungi kunda bizning Qirgʻizistonda ham tanqidni haqorat sifatida tushunishga oʻtib olishdi. Avvaldan qoʻshni davlatlarda tanqid – haqorat deb tushunilar edi, endi bu illat bizga ham kirib kelmoqda. Afsuski, Qirgʻiziston avtoritar davlatga aylanib bormoqda. Buni yashiradigan joyi yoʻq”, - deydi huquq himoyachisi.

Uning aytishicha, Qirgʻizistonda jurnalistlarning qamalishi, jamoatchi faollarning fikri uchun taʼqib qilinishi buni isbotlamoqda.

Vazirlar Mahkamasining yetakchisi Aqilbek Japarov esa 15-fevralda oʻtgan matbuot anjumanida jurnalistlarning qoʻlga olinishi, ish qoʻzgʻalishi boʻyicha fikr bildirib, bu boʻyicha tergov ishi tugaganda baho berilishini aytgan.

Qarorgohi Britaniyada joylashgan “The Economist Intelligence Unit” xalqaro tashkilotining jahon mamlakatlari demokratiya indeksida Qirgʻiziston oxirgi bir yilda sakkiz oʻrin pastga tushib, avtoritar rejimdagi davlatlar qatoriga qoʻshilgan.