Kiyev: Rossiya aholi punktlarini nishonga olayapti

Your browser doesn’t support HTML5

Ukrainadagi urushda o'lganlar qariyb 2000

Mudofaadagi Ukraina armiyasi hujumga o’ta boshlagan. Prezident Volodimir Zelenskiy idorasidan Aleksey Arestovichga ko’ra, urushning yettinchi kuniga kelib Ukraina qurolli kuchlari ayrim yo’nalishlarda dushmanni chekinishga majbur qilishgan. Bu hujum Rossiyaga qarashli kuchlar tomonidan bosib olingan Gorlovka shaharchasi atrofida qayd qilingan.

Mudofaa vazirligi bosh shtabi qayd etishicha, so’nggi janglarda dushman jiddiy talofat ko'rgach, Rossiya qo’shinlari to’qnashuvdan qochib, Ukraina tomoniga o’ta boshlagan.

Ukrainaning sharqiy viloyatlarida shiddatli janglar kuzatilmoqda, xususan Xarkov shahri raketalardan o’qqa tutilishda davom etmoqda. 2-mart kuni shahar hokimiyati o’qqa tutilgan. 1-mart kuni Xarkov viloyat hokimiyati binosi raketa zarbasiga uchragan. Portlash oqibatida o’ndan oshiq fuqaro o’lgan.

Buni ham ko'ring Ukraina hozir Yevropa Ittifoqiga kira oladimi?

Prezident Zelenskiy Xarkovga qilingan hujumni davlat darajasidagi terror deb atab, Rossiya rahbari Vladimir Putinni harbiy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortishni talab qilmoqda.

Ukraina ombudsmani Lyudmila Denisova ta'kidlashicha, Rossiya urush boshlaganidan buyon 21 nafar bola o’lgan, 50 dan oshiq go'dak jarohatlangan.

O'tgan bir hafta ichida, ya'ni Rossiya harbiy amaliyotlari avj olganidan beri qariyb 2 ming ukrainalik nobud bo'lgan.

Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko’ra, tinch aholi vakillari asosan ko’p qavatli uylar va jamoat obyektlarining raketalardan nishonga olinayotgani oqibatida halok bo'lmoqda.

Ukraina rahbariyati hisobicha, o'tgan yetti kun ichida Rossiya 5 mingdan oshiq harbiysini yo'qotgan. Yuzdan oshiq tanklar, 30 dan ziyod harbiy samolyotlar va yana o’nlab harbiy texnika yo’q qilingan.

Ukraina qurolli kuchlaridagi yo'qotishlar haqida rasmiy ma’lumot berilmayapti.

Tomonlar muzokarada, ammo hozirgacha biror konkret natija yo'q.