Berns: Ukraina urushi Putinning eng katta xatosi bo’lishi mumkin

  • Amerika Ovozi

AQSh razvedka idorasi rahbariga ko’ra, Ukraina bosqini Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning eng katta va qo’ pol xatolaridan biriga aylanishi mumkin.

“Bu urushni, Putinning qarorini hozircha muvaffaqiyatsizlikdan boshqa narsa deb ko’rish qiyin. Rossiyaga bu juda qimmatga tushadi. Nafaqat Rossiya armiyasining zaifligi fosh bo’ldi, balki buning natijasida uning iqtisodiyotiga, ruslarning keyingi avlodlariga uzoq muddatli zarar yetkaziladi”, - deydi AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Berns.

Amerika razvedka idoralari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirgani Kreml kutgan natijani bermayotganini qayd etib keladi.

Iyun oyida Milliy razvedka idorasi rahbari Avril Heynz Rossiyaning piyoda qo’shinlari “o’zini tiklab olishi uchun yillar kerak bo’ladigan darajada degradatsiyaga uchraganini” aytgan edi.

Uilyam Berns

Ammo Prezident Putin o’z pozitsiyasida qattiq turibdi.

“Harbiy harakatlarni boshlagan biz emas, biz ularga chek qo’yishga harakat qilayapmiz”, - dedi Putin Vladivostok shahridagi forumda so’zlar ekan.

U Ukrainaning bo’lginchi hududlarini himoya qilish uchun qo’shin jo’natishga majbur bo’lganini yana bir bor takrorladi. Ukraina armiyasi va separatistlar o’rtasida Rossiya 2014-yilda Qrimni bosib olganidan beri janglar davom etyapti.

Uzoq muddatda, deydi Putin, Rossiya bu urushdan ham ichki, ham xalqaro miqyosda mustahkamlangan bo’lib chiqadi.

Vilyam Berns fikricha esa Ukrainadagi urush Putin adashayotganini isbotlaydi.

“Putin ukrainaliklar, yevropaliklar va amerikaliklardan ko’ra o’z yo’lida qat’iyroq tura olishini ko’rsatmoqchi. Putin nazarida bizda diqqat yetishmasligi sindromi bor, doim masaladan chalg’ib ketamiz deb o’ylaydi”, - deydi AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari.

“Putin ukrainaliklarning qarshilik ko’rsatish irodasi hamda G’arb, AQSh va hamkorlarimizning Ukrainani qo’llab-quvvatlash irodasi haqidagi taxminlarida adashgani kabi, bu fikrida ham mutlaqo adashyapti”, - deydi Berns.