Arizona AQSh mikrosxemalar bozorida asosiy o'rinni egallamoqchi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Qo'shma Shtatlar Osiyodagi ta'minot zanjirlariga qaramlikni kamaytirish maqsadida AQShning o’zida yarimo'tkazgichlar sanoati mavqeini qayta tiklashga intilmoqda. Arizona shtatida allaqachon chip ishlab chiqaruvchilar federal hukumatdan olgan milliardlab dollarlik grant asosida yangi zavodlar qurmoqda.

Bu yerda Arizonaning kelajagi qurilmoqda. Tayvanning mikrosxemalar ishlab chiqaruvchi TSMC gigant zavodi Finiks shahri markazidan shimolda o’z filialini ochmoqchi.

AQSh hukumati yarimo’tkazgichlar sanoatiga 54 milliard dollarlik yordam ajratishini e’lon qilgach, Tayvan kompaniyasi Amerikada o’z zavodini qurishga qaror qildi.

Bu iqtisodiy o’sish va yangi ish o’rinlari demakdir. AQSh yarimo’tkazgichlarning muhim qismlari Amerika hududida yaratilishini istamoqda.

Tadqiqot uchun ajratilgan ikki milliard dollarlik grantga murojaat qilganlar orasida Arizona davlat universiteti ham bor.

Buni ham ko'ring AQSh Kongressi chiplar ishlab chiqarishni oshirish uchun 52 milliard dollar ajratmoqchi

“Muhim ehtiyot qismlarini va iqtisodiy kelajagimizni qudratli raqib davlatga qaram qilib qo’ya olmaymiz”, - deydi universitet prezidenti Maykl Krou.

O'nlab yillar davomida Silikon vodiysi Sharqiy Osiyoga elektronika ishlab chiqarish markazi sifatida tayangan. Osiyoda ishlab chiqarishning qulay taraflari ko’p. Masalan, xarajatlar kam bo’ladi.

Arizona rasmiylarining ta'kidlashicha, yangi qonun asosida AQSh hukumati ishlab chiqarish sarfining 30 foizini qoplab beradi.

Sandra Uotson Arizona iqtisodiy rivojlanish agentligining bosh ijrochi direktori. U shu yil boshida u TSMCning 40 ta ta’minotchisini Arizonaga taklif qilish uchun Tayvanga bordi. Kompaniyalarning oltitasi allaqachon Arizonaga ko'chib o'tdi.

“Tayvandagi yana 20 tacha ta’minotchi bilan ishlayapmiz. Dunyo bo’ylab ko’plab kompaniyalar Arizonada biznes boshlashga qiziqyapti”, - deydi Uotson.

Chip ishlab chiqaruvchilar va ta’minotchilar ko’chib kelsa ham, AQShda to'liq mikrosxemalar ekotizimini yaratish qiyin.

Chunki ta’minot zanjiridagi muhim qismlarning ko’pi hali ham mamlakatdan tashqarida, deydi Katta Finiks Iqtisodiy kengashi vakili Kris Kamacho.

Buni ham ko'ring Rossiya-Ukraina urushi chiplar tanqisligini kuchaytirmoqda

“Bugungi kunda qadoqlash, kengroq ekotizimga kiradigan boshqa komponentlar hamda ishlab chiqarishning katta qismi okeanortida amalga oshmoqda. Bizning maqsadimiz – ishlab chiqarishdan tortib qadoqlashgacha bo’lgan ilg’or infratuzilmani AQShning o’zida yaratish”, - deydi u.

Arizona allaqachon Kaliforniya, Oregon va Texasdan keyin yarimo'tkazgichlar sohasidagi ish o'rinlari bo'yicha to'rtinchi o'rinda turadi.

TSMCdan tashqari “Intel” kompaniyasi ham Arizonadagi markazini kengaytirmoqda. Bu mintaqaning jozibasini yanada oshiradi. “Edvards Vakuum” kompaniyasi ham chiplar uchun zarur kimyoviy moddalarni ko'chirish va qayta ishlashga xizmat qiladigan qariyb 70 000 kvadrat metrlik bino qurmoqda.

"Ishlab chiqarishni AQShga qaytarish va mijozlarimizga ularning o’z hovlisida xizmat ko’rsatish bo’yicha va’damizni bajaryapmiz”, - deydi “Edvards Vakuum” kompaniyasi rasmiysi Najva Xazal.

Bu hovli tez orada chiplar bilan to’ladi.