G'arb davlatlari "Vagner"ni terrorchi tashkilot deb e'lon qilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Britaniya Ukraina yerlarini bosib olishda faol ishtirok etayotgan Rossiyaning “Vagner” xususiy harbiy guruhini terroristik tashkilot sifatida e’tirof etishga hozirlanmoqda. Masala Yevropa Ittifoqi va AQShda ham muhokamada. “Vagner” "Islomiy davlat" va "Al-Qoida" kabi terroristik guruhlar qatoriga qo’shilishi mumkin.

Rossiyaning “Vagner” guruhi - bu xususiy armiya. Baxmut shahrida jang qilayotgan asosiy kuch. Guruh safida Rossiya qamoqxonalaridan yollangan odamlar ko’p.

“Vagner” Ukrainada harbiy asirlar va tinch aholi, jumladan bolalarni qiynash va o’ldirish kabi vahshiyliklarda ayblanadi. Guruh bu da’volarni inkor etadi.

Guruh a'zolari uning rahbari Yevgeniy Prigojin boshchiligida AQSh, Yevropa Ittifoqi va Britaniya sanksiyalariga tushgan.

“Vagner” Rossiya hukumati bilan yaqin hamkor. O'tgan yili u Sankt-Peterburgda harbiy-texnik markazi ochgan. “Times of London” gazetasining yozishicha, Britaniya “Vagner”ni terroristik tashkiloti deb e’lon qilishning huquqiy choralarini ko’rmoqda.

Buni ham ko'ring G'arb Ukrainaga qiruvchi samolyotlar berishga rozi

Oqibatda “Vagner”ga a’zolik, uni targ'ib qilish, hatto ramzini namoyish etish jinoyatga aylanadi.

“Ehtimol bu chora kompaniyalarni “Vagner” bilan hamkorlikdan qaytarar. Ammo uning samara berishi amri mahol, chunki “Vagner” moliyaviy resurslarni Yevropadan emas, balki Afrikadagi noqonuniy faoliyatidan topmoqda. Unda qanday naf bor? U ko’proq ramziy chora bo'lsa kerak”, - deydi Terrorizmga qarshi xalqaro markaz eksperti Tanya Mehra.

Vagnerchilar Suriya va bir qancha Afrika mamlakatlarida, jumladan Liviya, Markaziy Afrika Respublikasi, Mali va Sudanda faol. Odatda hukumatlarga xavfsizlik xizmatlarini taklif etib, mineral konlarini qo’lga kiritadi, Rossiyani qo’lla-quvvatlashni so’raydi. “Vagner” jangchilari inson huquqlarini yoppasiga toptashda ayblanadi.

2022-yilning mart oyida Malining jihodchi kuchlari nazoratidagi Mura shahriga qilingan hujumda 300 ga yaqin tinch aholi halok boʻlgan. Guvohlarga ko’ra, voqea joyida Mali harbiylari va rus “Vagner” jangchilari ommaviy qatllar uyushtirishgan. Mali buni inkor etadi.

“Mali armiyasi ko'p sonli oq tanlilar bilan keldi, ularni ruslar deb ayta olamiz. Ular bir-birlarini tushunmasdilar. 15-20 kishini olib ketishdi. Bizdan 100 metr narida saf tortirishdi. Keyin tiz cho‘kishga majburlab, otishdi”, - deydi malilik fuqarolardan biri.

Buni ham ko'ring AQSh “vagnerchi”larni Sudan mojarosiga aralashayotganlikda ayblamoqda

Fransiya parlamenti “Vagner” guruhini terroristik tashkilot deb e'tirof etish uchun ovoz bergan. Bu esa o’xshash qadamni tashlash uchun Yevropa Ittifoqiga bosimni oshiradi.

AQSh Kongressida ham har ikki partiya vakillaridan iborat qonunchilar guruhi “Vagner”ni xorijiy terroristik tashkilotlar ro'yxatiga kiritishni talab qilmoqda. AQSh adliya vaziri bunga e'tiroz bildirmasligini aytgan.

“Agar Qo'shma Shtatlarda uni terroristik guruh sifatida tan olsa, bu jiddiy oqibatlarga yetaklaydi, “Vagner” guruhiga moddiy yordam ko'rsatgan har qanday shaxs jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Bu “Vagner” bilan aloqada bo'lgan Afrika davlatlari yoki u yerdagi hukumat amaldorlari jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligini anglatadi”, - deydi Mehra.

Britaniya “Vagner”ni terrorchi guruh sifatida tamg’alashi mumkinligi to’g’risidagi xabarni hukumat izohlamagan.