AQSh poytaxtida Kaspiy siyosati markazi deb nomlangan tashkilot har yili regional forum o'tkazib, unga Kavkaz va Markaziy Osiyo hukumatlari vakillarini taklif qiladi. AQSh rasmiylari ham bu davraning ajralmas qismi. Bu yilgi anjumanda elchilar so'zlab, o'z davlatlari prioritetlarini tushuntirdi. Bayden ma'muriyati a'zolari Vashington mintaqa bilan qanday ishlayotgani va u yerdagi maqsadlarini bayon etdi.
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashida Rossiya va Markaziy Osiyo idorasi direktori Nikolas Berliner deydiki, AQSh avvalo regiondagi har bir davlatning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlaydi.
Amerika bu tamoyillarga urg'u berganida ayrimlarning ensasi qotar edi, deydi rasmiy, lekin Rossiyaning Ukrainaga bosqini fonida bu masalalar naqadar nozikligini hamma angladi.
"Rossiya xalqaro qonunlarni buzgan holda Ukrainada urush olib borayotgani - barchamizga birdek tahdid", - deydi Berliner.
AQSh mintaqaning iqtisodiy jihatdan qiynalayotganini hamda migratsiya va energetik sinovlar ostida yashayotganini biladi.
"Shu bois Amerika bu davlatlar bilan yaqindan ishlamoqda, yordamga hozir. 30 yildan oshiq tajribamizga tayanib, mushtarak manfaatlarimiz yo'lida hamkormiz", - deydi Oq uy rasmiysi.
Berliner Bayden ma'muriyati uchun Markaziy Osiyo bilan savdo va biznes ko'lamini oshirish muhim ekanini qayd etar ekan, har qanday hamkorlik ishonchga asoslanishini eslatadi.
"Erkin jamiyatlar qurish, qonun ustuvorligi, fuqaro faolligi, inson huquqlari e'zozlanishi, mustaqil matbuot. Biz mintaqaning bu jabhalarda oldinga siljishini istaymiz va shuning uchun ham islohot dasturlarini olqishlaymiz", - deydi Berliner.
"Chunki maqsad mas'uluyatli va demokratik boshqaruvga ega bo'lish, jumladan Qozog'iston va O'zbekistonda. Biz islohotlarni amalga oshirishda ko'makka tayyormiz".
Buni ham ko'ring AQSh sobiq elchisi: O'zbekiston va Qozog'iston demokratiyaga o'zi intilmasa, qiyinRasmiy so'zlariga ko'ra, xavfsizlik, Afg'oniston, energetika va oziq-ovqat ta'minoti - mintaqaviy barqarorlik yo'nalishlarida AQSh har bir respublika bilan sherik.
"Biz bir-birimizga buyruq bermaymiz, aql o'rgatmaymiz, chunki hammamiz to'laqonli suveren davlatlarmiz", - deydi Berliner.
Davlat departamentidan yuqori lavozimli rasmiy Lora Lokman deydiki, Vashington neft va tabiiy gaz qatorida hozirda muqobil energetika manbalarini rivojlantirish ustida ham region bilan muloqotda.
"Putinning Ukrainaga qarshi urushi davom etar ekan, Rossiya yonilg'ini ham qurol sifatida ishlatmoqda, neft va gaz bozorlariga xo'jayinlik qilishga urinib, atrofdagi mamlakatlarni o'ziga yanayam bo'ysundirishga bel bog'lagan", - deya tanqid qiladi Lokman.
"Rossiya endi hech qachon ishonchli energetik ta'minotchi bo'la olmaydi", - deydi u.
Davlat kotibining Markaziy Osiyo bo'yicha muovini vazifasidagi Brayan Stimmler deydiki, bu yil AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari orasida diplomatiya eng faollashgan va eng yuqori nuqtaga chiqqan davrdir.
Tashqi ishlar vazirlari orasidagi uchrashuvlar, Davlat kotibi Entoni Blinkenning mintaqaga safari, tinimsiz delegatsiyalar va davomiy dialog, deydi Stimmler, Amerika va hukumatlarni bir-biriga yaqinlashtirmoqda.
"Xalqlarimiz orasidagi rishtalar ham kuchaygan - mutaxassislar va yoshlar almashinuvi, madaniy-ijtimoiy loyihalar kengayishi, siyosiy mustaqillik va iqtisodiy taraqqiyotga e'tibor oshgani - muloqotlar samarasi", - deya sanaydi Stimmler.
C5+1, Markaziy Osiyoning besh respublikachi va AQSh ishtirokidagi diplomatik platforma bugun sektorma-sektor ishlamoqda, deydi rasmiy. Terrorizmga qarshi kurashdan tortib ekologiya muhofazasigacha, huquq-tartibotdan tortib ta'limgacha, barcha yo'nalishlarda maxsus ishchi guruhlar tuzilgan.
"O'tgan yillarda Markaziy Osiyo hukumatlari iqtisodiy va siyosiy islohotlar zaruratini anglay boshladi. Bu - biz uchun muhim omil. AQSh sarmoyasi aynan shu sabab oshmoqda va oshadi", - deydi Stimmler.
Biroq rasmiy investitsiya shartlarini ham qayd etadi: oshkoralik, adolat, fuqaro jamiyati va huquqqa hurmat.
O'zbekistonning Vashingtondagi elchisi Furqat Sidiqov deydiki, "O'zbekiston ortga qaytmas yo'lda. Islohotlar to'xtamaydi va jadal tusda davom etadi".
"Qo'shnilar bilan kelishgan holda qadam tashlash, mintaqaviy birdamlik, o'zaro manfaatlardan kelib chiqib hamkorlik qilish - O'zbekiston tashqi siyosatidagi prioritetlar, - deya ta'kidlaydi Sidiqov. - AQSh Markaziy Osiyoda faol bo'lishi xavfsizlik, farovonlik va taraqqiyotimiz uchun muhim".
Elchiga ko'ra, uning hukumati Amerika bilan nafaqat o'zaro hamkorlikni oshirmoqda, balki regional miqyosda birga harakat qilishni xohlaydi.
AQSh nimaiki sohaga sarmoya kiritsa, hamma undan foyda ko'rishi kerak, deydi Sidiqov, xususan orada savdo va biznes oshsa yoki energetika sanoati rivojlansa.
Toshkent, deya xulosaladi elchi, Amerika bilan serqirra aloqalar yo'lidan ketayapti, Vashingtonga shuni bot-bot bildirib, ikki tomonlama va mintaqaviy loyihalar tashabbuslarini olqishlaydi.
Qozog'istonning Vashingtondagi elchisi Yerjan Ashikbayev ham "rahbariyatimiz- islohotchi" deya bong urib, Ostona Kaspiy dengizi atrofidagi davlatlar bilan kelishuv va murosa tarafdori ekanini ta'kidladi.
"Tijorat, transport, inson kapitali, oziq-ovqat va energetika - bular hammasi bir-biriga bog'liq", - deydi Ashikbayev. - Markaziy Osiyo global taraqqiyotdan aslo orqada qolmasligi, bu jarayonning integral qismi bo'lishi kerak".
Qozog'iston elchisi o'z davlatini xalqaro hamjamiyatning serg'ayrat a'zosi, har bir yutug'i bilan regionni oldinga yetaklayotgan davlat sifatida ta'riflaydi.
"Mamlakatimiz mintaqaviy iqtisodiy integratsiya va Markaziy Osiyoning global hamjamiyat bilan bog'lanishida ulkan hissa qo'shmoqda", - deydi Ashikbayev.
Toshkent va Ostonaning AQShdagi bosh diplomatlari - "konstruktiv dialog" targ'ibotchilari. Ularga ko'ra, tomonlar bir-birining dardini tinglagan holda, o'zaro foydali ishlarga qo'l ursagina maqsadga yetiladi.
Amerika rasmiylari ular bilan hamfikr, ammo Vashington umumbashariy qadriyatlarni, xususan inson erkinligi va huquqlarini ham targ'ib qilishda davom etadi.