10 yildan beri Rossiyada tirikchilik qilayotgan Zoir Qurbonov vatanga, Tojikistonga qaytishga qaror qildi. Qurilish sohasidagi ishini tashladi.
Maosh ozayib ketgan, buning ustiga Ukrainadagi urushga borishga bosim oshgan.
Qurbonovga Mariupol va Donetskda, Ukrainaning Rossiya bosib olgan hududlarida mehnat qilish imkoniyati taklif qilindi.
"Rad etdim", - deydi 39 yoshli Zoir.
Hozirda u Dushanbedagi qurilish maydonlarida ishlamoqda.
Rossiya hukumati migrantlarga Ukrainaga borishni targ'ib qilmoqda, yo ishchi yo jangchi sifatida.
Your browser doesn’t support HTML5
Lekin federatsiyaga intilayotganlar hamon talay. Joriy yilning birinchi choragida Markaziy Osiyodan qariyb 1,3 million odam Rossiyaga ish izlab borgan.
Ukrainaga borganlarga katta ish haqi, imtiyozlar va hatto fuqarolik taklif qilinadi.
Armiyaga kirish, masalan, migrantlar uchun Rossiyadagi muammolarni bir zumda hal qilishi mumkin, ya'ni hukumat ularning ayblarini kechirib, ularni qadrlay boshlaydi. Mutasaddilardan ular shunday va'dalarini eshitmoqda.
Bosim sabab vatanga qaytayotganlarning soni aniq emas, ammo migrantlar hisobicha, "minglab odam ketayapti".
Argen Bolgonbekov, 29 yoshli qirg'izistonlik, politsiya tomonidan tekshirilgani va harbiy xizmat yuzasidan so'roq qilinganini aytadi.
Yo qamoq yo armiya, degan shartlar bilan yuzlashayotganlar ko'p, deydi u.
Migrant.uz axborot portali rahbari Botir Shermuhammad uzoq payt Rossiyada ishlagan, yurist va faol sifatida markaziy osiyoliklarning huquqlarini himoya qilgan.
"Inson huquqlari keng poymol etiladigan muhitda migrantlar yanayam eziladi", - deydi Shermuhammad.
Rossiyada chetdan kelib ishlayotganlarga hech qachon oson bo'lmagan, deydi Bolgonbekov. Uning o'zini deportatsiya qilishdi.
"Yaxshi ham bo'ldi, endi vatanda non topishga urinib yuribmiz", - deydi u .
Hozirda yigit to'qimachilik korxonasida ish topgan.
O'zbekistonlik Farhodjon Umrzoqov ham depotatsiya qilinganlardan.
"Migrantlarga bosim kuchli, hech kim sizni hurmat qilmaydi. Hatto masjidlarda ham odamlarni hibsga olishayotgan edi. Tintuv ketidan tintuv", - deya tasvirlaydi 35 yoshli Umrzoqov.
Uning bir yurtdoshi qoradori savdosi uchun 12 yilga qamalgan, biroq endilikda Rossiyaga armiyasiga qo'shilib, Ukrainaga ketgan.
Davlat buni yashirmaydi. Qonunchi Mixail Matveyev fikricha, urushga ko'proq markaziy osiyoliklarni yuborish kerak, ayniqsa agar ular Rossiya fuqarosi bo'lsa. Ular, deydi siyosatchi, buning uchun tizimdan minnatdor bo'lsin.
"Qani bu odamlar? Nega tojik batalyonlarini ko'rmayapmiz? Urushdamiz biz, Rossiyaga askar kerak", - deya yozdi u yaqinda Telegramda.
Vladimirda ikki tojik shifokor frontga ketishga bel bog'laganini reklama qilib, video chiqardi. Hukumat buni boshqalarga namuna sifatida ko'z-ko'z qilmoqda.
Urushga ketgan bir o'zbekistonlik esa "Rossiya g'alaba qilmasa, atrofdagi hamma barbod bo'ladi", degan mazmunda video post qilgan.
Markaziy Osiyo hukumatlari esa chetdagi fuqarolarni bunday harakatlardan, harbiy aralashuvlardan uzoq yurishga chaqirib, ogohlantirib kelmoqda.
"Lekin shuncha qiyinchiliklarga qaramasdan odamlar baribir Rossiyaga ketayapti, chunki vatanda tirikchilik qilish qiyin", - deydi Shermuhammad.
Rossiyaga viza kerakmas. Tilini oz-moz bilsangiz, pul topa olasiz.
Ukrainadagi urush sabab qaytganlar u tugasa, yana Rossiyaga yo'l olishga tayyor.
"Jon deb qaytaman, imkon bo'lsa, ertagayoq", - deydi Qurbonov.