AQSh "terrorist" deb gumon qilgan o'zbekistonlik taqdiri

Amerika orzusiga erishdim deb yurgan Mirrahmat Mo'minovning hayoti Montana shtatida boshqa tomonga burildi.

2009-yilning dekabri edi. 30 yoshli muhojir Amerikada doimiy yashash va ishlash huquqini qo'lga kiritib, yangi mamlakatda o'z biznesini boshlab, erkin nafas ola boshlagan paytlar edi.

Mirrahmat ona yurti O'zbekistondan repressiya sabab chiqib ketgan.

Montananing chekka bir joyida maxsus agentlar uning qo'lini bog'lab, idorasiga olib borib, uzoq so'roq qiladi. Savollar asosan uning e'tiqodi va musulmon sifatidagi faoliyati haqida bo'ladi.

Kimsan? Mazhabing nima? Arabcha bilasanmi? Amerika senga ma'qulmi?

Soatlab savol-javobdan keyin uni qo'yib yuborishadi. Unga nisbatan biror da'vo yo'qligini aytishadi.

Voqea Mirrahmatga O'zbekistonni eslatadi - organlarning to'satdan odamlarni olib ketishi, asossiz ushlab turishi.

U Amerika-Islom aloqalari kengashi degan tashkilotga murojaat qilib, boshdan kechirganlarini u yerdagi huquq himoyachilari bilan bo'lishadi.

Mirrahmatga u duch kelgan holat AQShda ko'plab musulmonlarning boshiga tushgani va tushayotganini aytishadi va ogohlantirishadi: "Sen ham har holda kuzatuvdasan".

AQShga erkin yashash uchun kelgan yigit izlanishga tushadi. Amerika-Islom aloqalari kengashi yordami bilan sudga arz qiladi.

Biroq bu naqadar murakkab va mavhum jarayon ekaniga guvoh bo'ladi. Kuzatuvni to'xtatish mumkin emas ekan, degan xulosaga keladi.

Aeroportlarda, xususan chegaradan o'tishda har safar uzoq tekshiruv, savol-javob.

Mirrahmat bora-bora tizimga ishonchi pasayganini e'tirof etadi.

O'tgan o'n yillikda u Amerika fuqaroligiga kirishga, rafiqasiga grin-karta olishga, onasini Amerikaga olib kelishga qiynaldi.

Mirrahmat Mo'minov 2009-yilda Montana shtatida federal agentlar tomonidan olib ketilib, so'roq qilingan

Terrorizmda gumon qilinganlar

Mirrahmat taqdiri haqiqatan ham ko'plab amerikaliklar va immigrantlarga tanish. Federal qidiruv byurosi muayyan odamlarni kuzatib, tekshirib turishni xavfsizlikni ta'minlash uchun muhim chora deya asoslashga urinsa, huquq himoyachilari nazarida hukumatning bunday harakati konstitutsiyaga ziddir.

2001-yilning 11-sentabridagi terror xurujlari ketidan ishlab chiqilgan sistemada 1,5 milliondan oshiq odamning ism-sharifi bor. Ularning bari terrorizmda gumon qilinadi. Ulardan 15 ming nafari AQSh fuqarolari va mamlakatda doimiy yashaydigan immigrantlar. Ro'yxatdagilarning 98 foizi musulmonlar bo'lib, aksariyatining ismida Muhammad yoki Ali degan so'zlar bor.

Federal qidiruv byurosiga ko'ra, kuzatuvdagi har bir shaxs izchil tekshirilgan va kuchli asoslarga tayangan holda sistemaga kiritilgan.

“Biror shaxs irqi, etnik kelib chiqishi, fuqaroligi, dini yoki fikri uchun bu yerda qayd etilmagan", - deya javob beradi byuro 'Amerika Ovozi" savollariga.

Adliya vazirliginig sobiq rasmiysi, hozirda huquq professori Jeffri Kan deydiki, kuzatuvdagi odamlar ro'yxatiga oddiy, lekin organlar nigohida jiddiy sabablar bilan tushish mumkin.

Ijtimoiy tarmoqda terrorizm yoki terroristlar haqida yozganingiz uchun, masalan.

Samolyotga chiqarilmasligi shart deya qayd etilgan shaxslar orasida, deydi mutaxassislar, hatto 10 yoshli odamlar ham bor.

Uchish biletingizga “SSSS” degan tamg'a urilsa, siz "Special Security Screening Selection" degan toifada bo'lasiz, ya'ni maxsus xavfsizlik ko'rigidan o'tishingiz lozim.

Parvoz oldidan obdan so'roq qilinasiz, keyin esa yo uchasiz yo qolasiz.

Nafaqat hukumat, balki xususiy sektor, jumladan bizneslar va banklar ham sizdan shubhalanadi. Hisobingizni yopishlari mumkin. Haydovchilik guvohnomasi ololmaysiz yoki bu huquqni cheklashadi.

Fuqarolikka tasdiqlanmaysiz, yaqinlaringizga viza berishmaydi.

Mirrahmatning advokati Jennifer Nimerning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, bu insonlar va ularning oilalari adolatsizlikdan jabr ko'radi.

“Konsullik biror shaxs maxsus ro'yxatda ekanini aniqlashi bilanoq vizani rad etadi, chunki oqibatlari bilan yuzlashishni xohlamaydi. Gumon ostidami, demak, ma'qul emas deb qaror qilishadi", - deydi immigratsiya bo'yicha huquqshunos Sandra Grossman.

Amerika-Islom aloqalari kengashi va bir necha huquq tashkiloti Federal qidiruv byurosini sudga berib, kuzatuvdagi qator odamlarni ro'yxatdan chiqartira olgan.

Mirrahmat ham 2018-yildan beri yuzlab boshqalar bilan bir guruhda sudlashib kelmoqda, lekin hali qaror chiqmagan.

O'zbekistonlik Nusratulla Abduhamidov ham maxsus tekshiruvga tushganlardan. U ham fuqaro bo'la olmay, sarson.

Afg'onistonlik Ahmad Mirzay 1999-yildan beri Amerikada, fuqarolik unga ikki bor rad etilgan.

Misrlik Talha Muhammad yillardan beri yaqinlarini ko'ra olmaydi, chunki ularga viza berishmaydi. O'zining safarlarga chiqishi qiyin, chunki Federal qidiruv byurosining elagi ostida.

Bu shaxslarning hammasi adolat izlamoqda. Ular shikoyat qilayotgan idoralarning birortasi "Amerika Ovozi" murojaatiga javob bermadi. Ulardan hech qanday izoh olinmadi.

Ko'plab qonunchilar bu siyosatni o'rinli deb biladi, xususan respublikachilar. Ular terrorizmda gumon qilinganlar Amerikaga yaqinlashtirilmasin, ularga qurol sotilmasin va boshqa cheklovlar qo'yilsin, deya bong urib keladi.

Mirrahmat Mo'minov O'zbekistonda siyosiy jihatdan faol bo'lgani uchun bosimga olinganini aytadi

"Mo'tadil musulmon"

Mirrahmat 1979-yilda tug'ilgan. O'zbekiston 1991-yilda mustaqil bo'lib, islomiy uyg'onish boshlanganida besh mahal namoz o'qishni o'rgangan.

Islom Karimov prezidentligi davrida namozxonlar qattiq nazoratda edi, deydi u, dindor bo'lish va mustaqil fikrga ega bo'lish davlat uchun xavf hisoblanar edi.

Mirrahmatning 20 yillik tanishi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda uni "mo'tadil musulmon" deya ta'riflaydi. Vatandosh deydiki, u terrorizmga biror jihatdan moyil bo'lganida yoki terrorizmni quvvatlaganida aslo do'stlashmagan bo'lar edi.

Talabalik yillarida Mirrahmat imom Obidxon qori Nazarovning izdoshiga aylangan.

Nazarov, uning nazarida, terrorizmga qarshi edi, demokratiya tarafdori edi. Karimov rejimi tomonidan tazyiqqa olingan bu taqvodor vatanni tark etishga majbur bo'lgan.

Mirrahmat imom haqida va umuman, O'zbekistonda erkinlik bo'g'ilgani haqida xalqaro media bilan ko'p marta gaplashgan, turli siyosiy tadbirlarda qatnashgan.

O'zbekistondagi o'qishini davom ettira olmagan, chunki faolligi uchun bir necha bor hibsga olishgan.

“Deyarli uch kun meni qiynashgan", - deya eslaydi u.

24 yoshli yigit oxir-oqibat qo'shni Qozog'istonga qochgan.

U yerdan turib, boshqa davlatdan boshpana so'ragan va BMT qochqinlar agentligi yordamida AQShga yo'l olgan.

Amerikani bejiz tanlamagan. Bu diyor uning uchun sehrli edi, unga yoshligidan qiziqar edi.

Kelish oson kechmagan. Soatlab savol-javoblar qilishgan, uzoq tekshirishgan.

Mirrahmat Mo'minov Amerika kelganidan sal o'tib, yuk tashish biznesiga asos solgan

Amerika orzusi

AQShga kelganida unga muhojirlar bilan ishlaydigan nohukumat tashkilot ko'maklashgan. Ogayo shtatiga joylashgan. Boshida oddiy ishlar qilib, kun ko'rgan. Masjidlarni tozalagan, yemakxonalarda texnik bo'lib ishlagan.

2008-yilda yuk tashish mashinasini haydash uchun hujjat olgan. Sal o'tmay o'z trakini sotib olgan va mustaqil xizmat ko'rsatuvchi sifatida biznesni yo'lga qo'ygan.

"UNI Trans" deya nomlangan bu kompaniyada hozir 130 ga yaqin odam ishlaydi, ko'pi Mirrahmatning vatandoshlari.

Ishi toza va halol, deydi uning safdoshlari, pandemiya paytida ham faoliyat to'xtamadi.

Mirrahmat Amerikaga kelganidan beri hukumat qo'liga qaramagani, biror mahal yordam so'ramaganini aytadi.

Faolligini ham to'xtatmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda videolar beradi, dolzarb masalalar yuzasidan fikrini bayon etib, muhokamalar olib boradi.

Federal qidiruv byurosi uni aynan shu sabab kuzatuvga olgan bo'lishi, xususan islom, musulmonchilik va demokratiya haqidagi munozaralari ayrimlarni xavotirga solgan bo'lishi mumkin.

Biroq Mirrahmat "nima uchun men?" degan savolga shu kungacha organlardan aniq javob olmagan.

Masala bilan tanish mutaxassislar taxminicha, muammo uning biror terrorist yoki terrorizmda gumonlanuvchining adashi bo'lishi mumkinligida yoxud uning telefon nomeri shubha ostidagi odamlar qo'liga tushgani kabi ehtimollarda ham bo'lishi mumkin.

Federal qidiruv byurosi lom-mim demaydi. Advokatlar kompyuter algoritmlariga ham omil deb qaraydi, ya'ni odamlar avtomatik tarzda muayyan ro'yxatlarga tushib qolishi mumkin.

Mirrahmat Mo'minovning fuqarollikka kirish uchun bergan arizasi 2019-yilda ma'qullangan biroq muammolar tinmagan

Fuqarolik rad etilishi

2011-yilda, AQShda besh yil doimiy yashaganidan keyin Mirrahmat fuqarolik uchun murojaat qilgan. Oylab vaqt olgan jarayon pirovardida salbiy javob bilan yakunlangan. Federal qidiruv byurosining ko'rinmas ro'yxatida ekani unga to'siq qo'ygan.

Yana besh yil kutib, Mirrahmat Amerika pasportini olishga qayta harakat boshlagan. Lekin Nyu-Yorkdagi terror xuruji bu protsessning beliga tepgan. O'nlab begunoh insonlarni o'ldirgan va jarohatlagan Sayfullo Soipov Mirrahmatning tanishi edi.

Federal qidiruv byurosi xodimlari u bilan bu masalada suhbatlashgan. Mirrahmat bilganlarini ulardan yashirmaganini aytadi.

Lekin pasport uchun uni yana loyiq topishmagan. Mirrahmat bu muammoda ham yolg'iz emas edi. Vatandoshlari va boshqa muhojirlar orasida raddiya olganlar talay.

Boshida uning shikoyatini chetga uloqtirsa-da, federal sud keyinroq unga fuqarolik uchun yo'l ochdi.

2019-yilning mart oyida Mirrahmat bu orzusiga yetdi.

“Mo'jizadek tuyuldi. Ishonish qiyin edi", - deydi u.

Fuqarolikka qabul qilinish tizimdagi barcha shubhalarni yo'qqa chiqarishi kerak edi. Rafiqasi grin-karta olishi, onasi Amerikaga kelishi uchun imkoniyat yaratishi lozim edi.

Bu orada Mirrahmat hajga borib kelishga qaror qildi. Amerika fuqarosi sifatida xorijga dastlabki ikki safari silliq kechdi, AQShda bemalol kirib chiqdi. Biroq undan keyin yana tekshir-tekshir boshlandi.

2006-yilda uylangan ayoli domiy yashash va ishlash huquqini ololmadi. Onasiga ham O'zbekistondagi konsullikdan viza berilmadi.

Mirrahmat Mo'minov hozirda oilasini Dubayga ko'chirgan

Dubaydagi yangi hayot

Oxiri ko'rinmayotgan mavhumlikdan to'ygan Mirrahmat 2022-yilda oilasini Birlashgan Arab Amirliklariga ko'chirdi. Chiqib ketishayotganida Vashington xalqaro aeroportida ular birma-bir maxsus xavfsizlik ko'rigidan o'tishdi.

Mirrahmat tort farzandining hatto ichki kiyimlarigacha tekshirishganini aytadi.

"Men bu davlatga nima qildimki, mendan va oilamdan shu qadar shubhalanishadi?"

Biroq u bolalariga bu haqda aytmagan. Amerika buyuk bir davlat, uni ardoqlang, deydi ularga.

“Farzandlarimga hukumat bizni adashib tekshiryapti, deyman. Boshqa bunday bo'lmaydi, deyman".

Mirrahmat Dubayda ham tadbirkorlik qilayapti. Amerikaga vaqti-vaqti bilan kelib, bu yerdagi ishlariga qaraydi. Har safar tekshiruvdan o'tadi.

Bolalar yangi mamlakatda ham Amerika maktabiga boradi. Onasi O'zbekistondan kela oladi. Musulmon yurtda o'zini uydagidek his qiladi.

“Xotirjamlik kerak”, - deydi u, "Amerika Ovozi' bilan suhbatda.

Mirrahmat federal sud uning arzi yuzasidan ijobiy qaror chiqarib, unga Federal qidiruv byurosining ro'yxatidan chiqishini ta'minlaydi, degan niyat bilan yashamoqda. Shundagina u Amerikaga qaytadi.