Guterrish: Isroil ikki mustaqil davlat formulasini rad etishi ekstremistlarni ruhlantiradi

  • Amerika Ovozi

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning ta’kidlashicha, yonma-yon yashaydigan ikki davlat yechimi Isroil tomonidan rad etilishini qabul qilib bo’lmaydi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu mustaqil Falastin davlati yaratilishiga qarshi ekanini ta’kidlaganidan bir necha kun o’tib, BMT a'zolari bu taklfni yana bir bor qo’llab-quvvatladi.

Tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrishning ta’kidlashicha, yonma-yon yashaydigan ikki davlat yechimi Isroil tomonidan rad etilishini qabul qilib bo’lmaydi.

Falastin xalqini davlatchilik huquqidan ayirish, deydi u, global tinchlik uchun asosiy tahdidga aylangan mojaroni uzaytiradi, dunyo bo’ylab ekstremistlarni ruhlantiradi.

“Yana qanday muqobil variant bor? Falastinliklar haqiqiy erkinlik, huquq va qadr-qimmatidan mahrum etilgan bo’lsa, faqat bir davlatdan iborat yechim qanday ko’rinishga ega bo’ladi? Bu aqlga sig’maydi”, - deydi BMT rahbari.

Yaqin Sharq mojarosini muhokama qilish uchun mamlakatlarning keng doiradagi yig’ilishi BMT Xavfsizlik Kengashida yiliga to’rt marta o’tkaziladi. Unda barcha a’zo davlatlar ishtirok etishi mumkin. Ellikdan ortiq hukumatlar bu mavzu bo’yicha o’z fikrini bayon etishi kutilmoqda.

“Isroil okkupatsiyasiga chek qo’yilishi kerak”, - deya ta’kidladi Guterrish, kengashga murojaatida.

15 a’zodan iborat kengash o’z chegarasiga ega ikki davlat bo’lishi kerak, degan konsepsiyani anchadan buyon qo’llab-quvvatlaydi. Falastinliklar bo’lajak davlati 1967-yilda Isroil tomonidan bosib olingan G’arbiy Sohil, Sharqiy Quddus va G’azo sektorini o’z ichiga olishini istaydi.

O’n besh haftadan buyon davom etayotgan urushda 25 mingdan ziyod falastinlik, 1100 dan ziyod isroilliklar va xorijlikar halok bo’lgan. Mojaroga yechim topish shoshilinch ahamiyat kasb etadi.

“To’liq g’alaba”

Bosh vazir Benyamin Netanyaxu XAMAS ustidan “to’liq g’alaba”ga intilayotganini aytib kelmoqda. Yaqinda Tel-Avivda o’tgan matbuot anjumanida u Falastin davlatchiligi borasida shunday dedi:

“Yaqin kelajakdagi har qanday kelishuvda, biror hujjat imzolanishi yoki imzolanmasligidan qat’i nazar, Isroil Iordan daryosi g’arbidagi barcha hududlarda xavfsizlikni nazorat qilishi kerak. Bu zaruriy shart. Bu suverenitet tamoyiliga zid keladi, lekin nachora”.

Kengashda so’zlagan Falastin Tashqi ishlar vaziri Riyod al-Malikiy BMTda Falastin davlatini tan olish vaqti kelganini aytdi.

“Bundan 75 yil avval Isroil BMTga qabul qilinayotganida bizga veto huquqi berilmagan edi. 75 yil o’tib, Falastin davlatining BMTda tan olinishida ham Isroilning veto huquqi yo’q”, - deydi al-Malikiy.

Falastin Tashqi ishlar vaziri Riyod al-Malikiy BMTda Falastin davlatini tan olish vaqti kelganini aytdi.

Arab va musulmon davlatlari qatorida Rossiya ham bu masala bo’yicha xalqaro anjuman o’tkazish taklifini qo’llab-quvvatlamoqda.

“Anjumanning maqsadi Falastin davlatini e’lon qilish, Isroil xavfsizligini ishonchli ta’minlash choralarini ishlab chiqish, Isroilning barcha arab va musulmon davlatlar bilan munosabatlarini normallashtirish bo’lishi kerak”, - dedi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

Bayden ma’muriyati ham ikki davlat formulasini mustahkam tinchlikka erishishning yagona yo’li deb biladi.

“Bunga erishish uchun Isroil va Falastin xalqlari, shuningdek, ularning rahbarlari murakkab qarorlar qilishga tayyor bo’lishi kerak, – deydi AQSh davlat kotibi muovini Uzra Ziyo. – Bu qarorlarni ular uchun biz qabul qilmoqchi emasmiz. Lekin qat’iyan ishonamizki, agar ular bu maqsadga intilishsa, falastinliklar va isroilliklar yonma-yon tinch yashashlari mumkin bo’lgan davr keladi”.

Netanyaxuning bayonotidan so’ng AQSh Prezidenti Jo Bayden ikki davlat formulasini tatbiq etishning turli yo’llari borligini, masalan, BMTga a’zo ba’zi davlatlar o’z qurolli kuchlariga ega emasligini qayd etgan.

Otashkesimga da’vatlar

BMT Xavfsizlik Kengashining deyarli barcha a’zolari G’azoga yordam olib kirish va qolgan isroilliklarni garovdan ozod qilish uchun zudlik bilan gumanitar sulhga chaqirmoqda.

Isroil elchisi Gilad Erdan kengash majlisida Eron tashqi ishlar vaziri qatnashayotganini keskin tanqidga oldi.

Isroil elchisi Gilad Erdan bu chaqiriqlarni tanqid qildi.

“Otashkesim ketidan nima bo’ladi deb o’ylaysiz? XAMAS hokimiyatda qoladi. Ular qayta guruhlanib, qurollanib, isroilliklar yana bir xolokost bilan yuzlashadi”, - deydi u.

Gilan Erdan, shuningdek, kengash majlisida Eron tashqi ishlar vaziri qatnashayotganini keskin tanqidga oldi.

“Yaqin Sharqni beqarorlashtirishga intilayotgan, birinchi darajali terror homiysi bo’lgan davlatning tashqi ishlar vaziri bu yerda bo’lishi naqadar be’manilik. Gitlerning tashqi ishlar vaziri xolokost paytida yahudiylarni himoya qilish haqida jiddiy muhokamada qatnashayotganini tasavvur qila olasizmi?”, - dedi Isroil diplomati.

AQSh, Britaniya va Yevropa Ittifoqi XAMASni terror guruhi deb belgilagan.