Moskvadagi xuruj ortidan rossiyaliklarga murojaat bilan chiqqan Prezident Vladimir Putin terror ijrochilarining hammasi hibsga olingani, ular Ukrainaga qochib o’tishga urinishganiga doir iddaolarni takrorladi.
22-mart kuni Moskvada yuz bergan terakt qurbonlari 140 kishiga yaqinlashmoqda. Qurbonlar soni yana oshishi mumkin, 200 nafarga yaqin jarohatlanganlar shifoxonada qolyapti.
Terakt sodir etilishi ortidan yong’in ichida qolgan “Krokus Siti Holl” konsert zali vayronalarida qutqaruv ishlari davom etmoqda. Odamlar bevosita otishmada, terror ortidan yuz bergan portlash, yong’in natijasida halok bo’lgan.
Terror xuruji uchun mas’uliyatni “IShID-Xuroson” guruhi o’z bo’yniga olgani ta’kidlanmoqda. Terakt ijrochilari Tojikiston fuqarolari deb ko’rilyapti.
Ayni paytda terrorda gumonlanayotgan 11 kishi, jumladan bevosita konsert zalida bo’lgan, odamlarni otgan to’rt nafar shaxs ham hibs qilingan.
Ijtimoiy tarmoqlarda gumonlanuvchilar hibs qilinishiga oid videolar tarqalmoqda. Unda tojik tilida gaplashayotgan, pul uchun terror sodir etganini e’tirof qilayotgan shaxslarni ko’rish mumkin.
Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi terrorda gumonlanib qidiruvga berilgan kamida uch nafar fuqarosining terrorga aloqasi yo’qligi, ulardan ikki nafari o’tgan yili Rossiyadan qaytgani va o’shandan buyon Tojikistondan chiqmagani haqida bayonot berdi.
Moskvadagi “Krokus Siti Holl” konsert zalidagi terror 22-mart kuni kechga tomon sodir bo’ldi. 130 dan ziyod odam halok bo’lgan bu hodisa so´nggi o’n yil davomida Rossiyada kuzatilgan eng yirik terror xuruji sifatida qayd qilinmoqda.
Terrordan bir kun o’tib, 23-mart kuni Prezidenti Vladimir Putin rossiyaliklarga murojaat bilan chiqdi.
O’z murojaatida u terakt ijrochilarining hammasi hibsga olingani, ijrochilar, buyurtmachilar uchun ham jazo muqarrarligini ta’kidladi.
Putin hibsga olinganlar haqida gapirar ekan, avvalroq Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan olg’a surilgan faraz – “terrorchilar Ukrainaga qochib o’tish”ni rejalashganiga doir iddaolarni takrorladi.
Putinga ko’ra, Ukrainaga qochib o’tishga uringan terrorchilarni chegarada kutib olish uchun “maxsus darcha” ham hozirlab qo’yilgan bo’lgan.
Prezident xuruj ortida kim turgani, kim gumonlanayotganiga ishora bergani yo’q, surishtiruv davom etayotgani, Rossiyaga, uning xalqiga qarshi rejalangan bu ommaviy qotillikning barcha detallari aniqlashtirilishini bildirdi.
Matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda terror xuruji ortida kim turganiga doir savol keng muhokama qilinmoqda.
Matbuotdagi munozaralarda Rossiya huquq-tartibot idoralari AQSh tomonidan Rossiyada terror xuruji kutilayotgani haqida bildirilgan ogohlantirishni e’tiborsiz qoldirganlikda ayblanmoqda.
AQSh va uning ortidan Brataniya ham Rossiyadagi o’z fuqarolariga murojaat qilib, terror xurujidan ogohlantirishi ortidan, shaxsan Prezident Putinning o’zi G’arbni tahlika qo’zg’ashda ayblagan edi.
“Krokus Siti Holl” dagi terakt AQSh tomonidan yo’llangan shu ogohlantirishlar ortidan kuzatilmoqda.
AQSh va Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya bilan mavjud taranglikka qaramasdan xurujni keskin qoralab chiqishdi, o’lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirishdi.
Terror sodir etilishi bilanoq Kremldagi ayrim doiralar tomonidan surilgan ehtimollik – bu xurujda Ukrainaning qo’li borligi haqidagi farazlar, terror uchun mas’uliyatni “IShID Xuroson” guruhi o’z bo’yniga olishi ortidan ham yo’qolmadi.
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) 23-mart kuni “terrorchilar Ukrainaga qochib o’tishni rejalashgani, Ukraina tomonida kontaktlarga egaligi” haqida ma´lumot tarqatgan edi. Bu iddaolarni Putin ham o’z murojaatida qo’llab-quvvatladi.
Ukraina tomoni bu da´volarni keskin rad etib chiqdi. Prezident ofisi maslahatchisi Mixail Podalyak Moskvadagi terror xuruji ortidan Rossiya Ukrainaga nisbatan shunday ma’nodagi ayblovni surishi kutilgani, ammo Ukraina Rossiya bilan frontda urushayotgani, asosiy diqqat Rossiyani frontda mag’lub etishga qaratilgani, bunday da´volar mutlaqo asossizligi haqida bayonot qildi.
Moskvadagi qonli xuruj ukrain jamoatchiligida ham keng muhokama qilinmoqda. Ayrim qarashlarga ko’ra, xuruj ortida Rossiya maxsus xizmatlarining o’zi turgani ehtimol, maqsad Ukraina urushiga jalb etish uchun Rossiyada yangi mobilizatsiya e’lon qilish.
O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-mart kuni Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan telefonlashib, Rossiya xalqiga hamdardlik bildirgan, terrorchilik xurujini qat’iy qoralagan.