Prezident Bushning Yevropaga safari yakunlanmoqda

AQSh Prezidenti Jorj Bush shu kunlarda Yevropaning to'rt mamlakatiga tashrif buyurdi. Moskvada natsistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan Ikkinchi jahon urushidagi g'alabaning 60 yilligini nishonlashdan oldin, Gollandiya va Latviyada ham to'xtab ot'di. Gollandiyada mamlakat Bosh vaziri va qirolichasi bilan uchrashuvidan tashqari, Ikkinchi jahon urushi faxriylari bilan ham ko'rishdi.

Yevropaga safaridan oldin undan maqsad - nafaqat ittifoqchilarning urushdagi g'alabasini, shuningdek, Sovuq urushdagi g'alabani ham nishonlash ekanini ma'lum qilgan edi. Shu bois Moskvaga safari oldidan prezident Bush Latviyaga ham bordi. Rigada u Latviya, Litva va Estoniya rahbarlari bilan uchrashib, Boltiq bo'yi davlatlarining Sovet Ittifoqi tomonidan okkupatsiyasini tan olishini bildirdi. Rossiyada Boltiq bo'yi davlatlarining Sovet Ittifoqi tarkibiga kirishini Bush "okkupatsiya" deb atashiga e'tiroz bildirildi.

Prezident Bush rafiqasi Laura Bush bilan 9 may kuni Moskvada Qizil Maydonda Rossiya prezidenti Vladimir Putin va 50 dan ziyod davlat rahbarlari ishtirokida G'alaba Paradini kuzatdilar. Paraddan so'ng prezident Bush Noma'lum Soldat haykali poyiga gulchambar qo'ydi.

Prezident Bushning Yevropaga tashrifi bugun boshqa sobiq Ittifoq respublikasi - Gruziyaga borish bilan yakunlanadi. U yerda Qo'shma Shtatlar rahbari poytaxt Tbilisining Mustaqillik maydonida demokratiyaga bag'ishlangan nutq so'zlaydi. 18 oy burun aynan mana shu maydon Gruziyada sodir bo'lgan "Atirgullar inqilobi" ning markazi bo'lgan edi.