O'zbekiston NATO ga o'z hududidan foydalanmaslik talabini qo'ydi

NATO rasmiylarining aytishicha, O’zbekiston hukumati 23 noyabr kuni alyansning yevropalik a’zo-davlatlariga Afg’onistondagi terrorga qarshi harakatlarda O’zbekistonning yer yoki havo hududidan bundan keyin foydalana olmasliklarini so’ragan.

Tashkilotning o’zi hali bu to’g’risida rasman noma olgani yo’q, biroq O’zbekiston hukumati NATO ga a’zo ba’zi Yevropa davlatlarini bundan rasman boxabar qilgan, deydi NATO rasmiylari.

Kuzatuvchilarning aytishicha, O’zbekiston hukumatining bu qarorini Rossiya bilan aloqalarning yaxshilanishi va Yevropa Ittifoqining O’zbekistonga nisbatan qo’ygan sanksiyalari doirasida izohlash mumkin. AQShning Xonoboddagi harbiy bazasi 21 noyabr kuni rasman yopilgan.

Kuzatuvchilar, shuningdek, amerikaliklar Xonoboddan ketganidan so’ng ularning joyini rossiyalik harbiylar egallashi mumkin, deydilar, biroq Rossiya Bosh vazirining o’rinbosari va mudofaa vaziri Sergey Ivanovning 24 noyabr kuni aytishicha, Rossiya O’zbekistonda harbiy baza ochish niyatida emas.

NATO, ya'ni Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti 1949 yilning 4 aprelida tashkil topgan. Hozirda tashkilotga 26 mamlakat a'zolik qiladi. Ularni birlashtirgan shartnoma a'zo-davlatlardagi erkinlik va xavfsizlikni siyosiy va harbiy yo'llar bilan himoya qilishga asoslanadi.