AQSh Bishkekning yangi shartlarini ko'rib chiqishga tayyor

AQSh Qirg’izistonda joylashgan “Gansi” aviabazasi bo’yicha muzokaralarni tez orada yakunlashga tayyor. Bu haqda bugun AQShning Qirg’izistondagi elchixonasi bayonot tarqatdi.

“Biz qirg’iz rasmiylari bilan Qirg’izistondagi koalitsiya qo’shinlariga qarashli “Gansi” aviabazasidan istiqbolda foydalanish bo’yicha muzokaralarni tez fursatda yakunlashga tayyormiz”, - deyiladi bayonotda.

Shuningdek, bayonotda aviabazaning Qirg’izistonda 4 yildan buyon mavjud ekani va “Afg’onistonda terrorizmga qarshi kurash hamda mintaqada barqarorlikni ta’minlashda ulkan hissa qo’shgani” urg’ulangan.

“Mintaqada terrorizmning ildizini quritish bo’yicha hamkorlik Qo’shma Shtatlar va Qirg’iziston manfaatlariga mos keladi”, – deyiladi bayonotda.

Kecha Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiev “Agar [AQSh bilan] muzokara jarayoni 2006 yilning 1 iyuniga qadar yakunlanishiga qandaydir to’siqlar bo’lsa, Qirg’iziston 2001 yilning 4 dekabri kuni tuzilgan ikki tomonlama bitimni bekor qilish huquqini saqlab qolishini” ma’lum qilgan edi.

Bakiev AQSh rasmiylaridan Qirg’izistonda joylashgan baza uchun ijara haqqi oshirilishini talab qilmoqda. Avvalroq AQShning Qirg’izistondagi elchisi Mari Yovanovich o’z hukumatining baza uchun ko’proq haq to’lashga rozi ekanini aytgan.