Bugungi O'zbekiston - rus tilida yangi gazeta chiqayapti

O`zbekiston matbuoti yaqindan rus tilida chop etiluvchi “Uzbekistan Today”, ya’ni “Bugungi O’zbekiston” ijtimoiy-siyosiy gazetasi bilan boyidi. Mustaqil jurnalistlar nazarida matbuotda o`zbek tilining axborot tili sifatidagi o’rni pasaymoqda.

Mustaqil jurnalistlar bildirayotgan bu fikrlar so`nggi paytda O`zbekistonda rus tilidagi axborot vositalarining ko`payishi bilan bog'liq.

Shu kunlarda Rossiya jamoatchilik televideniyesi O`zbekistonda rasman faoliyat boshlashga tayyorgarlik ko’rmoqda. Mustaqil jurnalistlarning nazarida rusiyzabon axborot vositalari yetarli bo`lgan bir paytda bu mamlakat milliy jurnalistikasining rivojiga jiddiy ta'sir o`tkazishi mumkin.

O`zbekiston Aloqa va Axborotlashtirish Agentligi xabariga ko`ra, Rossiyaning birinchi jamoatchilik kanali bu borada muzokara boshlagan, biroq hozircha tafsilotlar noma`lum.

Mustaqil jurnalistlarning xavotiri o`rinsiz degan fikrlar ham mavjud.

O`zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Sherzod G`ulomovning aytishicha, nashrlar qancha ko`p bo`lsa, shuncha yaxshi – matbuotda raqobat bo`lishi kerak.

“Bular sonining ko`payishi, albatta, ijobiy raqobatga olib keladi, raqobat bor joyda yutuq bo`ladi,” - deydi Sherzod G`ulomov.

Jurnalist Dilmurod Sayid rus tilidagi axborot vositalari bir tomondan o`zbek jurnalistlari uchun o`rnak, namuna bo`lishi ham mumkin degan umidda.

“Ya’ni xohlaymizmi, xohlamaymizmi Rossiya televideniyesi hukumat bilan kelishilgan holda rasmiy kirib keladimi yoki kabel kanallari orqali norasmiy kirib keladimi, O`zbekiston televideniyesini siqib chetga chiqarib qo`ygan. Xullas, O`zbekiston xalqi emas, hukumati manfatiga zid ko`rsatuvlar qilgan har qanday davlat televideniyesi bilan shartnoma istalgan vaqtda bekor qilinishi mumkin”, - deydi Dilmurod Sayid.

Mustaqil jurnalistlar fikricha, milliy matbuot shakllanishiga to`sqinlik qilayotgan omillardan biri, avvalo, so`z erkinligining bo`gilayotganidir. O`zbekistonda tobora qulay o’rnashib olayotgan ruscha axborot vositalari milliy jurnalitikani e’tibordan chetda qoldiradigan yana bir omil bo`lishi mumkin.

Mamlakat yoshlari masalaning shu jihatiga ahamiyat berib, matbuot bundan xulosa qilishi mumkin deb o’ylaydilar.

Yoshlar Rossiya matbuoti O`zbekiston hayotiga doir oshkora ma`lumot berishiga shubha bilan qarashadi. Shu bilan birga, O`zbekistondagi voqealarni ochiq yorituvchi xorij axborot vositalarining mamlakatdan chiqarilishiga munosabat bildirishni istashmaydi.

Jurnalist Bahodir Eliboyev so’zlariga ko`ra, masalaning mafkuraviy ahamiyatga molik tomoni ham bor:

“Xalqimiz hozir OAVga ishonmaydi. Axborotga chanqoq xalqqa rus informatsiyasini berish orqali 26 million odamda qanday mafkura shakllantirishmoqchi, men hayronman. Darhaqiqat, bizga demokratroq OAV kerak bo`lsa, unda BBC, “Ozodlik” kabi xorij radio byurolarini yopish kerak emasdi. Agar ular ham yoqmaydigan, boshqa mafkurani tashiydigan bo`lsa, unda o`zimizning matbuotni demokratik darajaga chiqarish mumkin edi. Ularda o`z mafkurasini ifodalovchi Leontyev, Pozdner kabi jurnalistlar bor. Rossiya ular orqali o`zini to'g'ri ish qilayotganligiga sekin-sekin ommani ko`niktirib boradi. Qarabsizki, yana o`sha qullikka qaytish boshlanadi, rus tili, rus maktablari rivojlanadi, odamlar rus tilida axborot eshitishni afzal bilishadi,” - deydi Eliboyev.

Mustaqil jurnalistlarning ta’kidlashicha, agar milliy matbuot erkin bo’lganda edi, bu kabi holatlar matbuotning rivojiga turtki berishi mumkin edi. Hozirgi vaziyatda esa buning aksini ko’rish mumkin.