AQSh: Turkmanistondagi saylovlar – demokratiya sari dastlabki qadam

  • Amerika Ovozi

Turkmanistondagi prezident saylovlarida Qurbonguli Berdimuhammedov salkam 90 foiz ovoz olgan. Qo’shma Shtatlar saylovlar demokratiya sari qo’yilgan dastlabki qadam bo’ladi, deya umid bildirmoqda. AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini Richard Baucher Ashgabatda bo’lib o’tgan inauguratsiya marosimida ishtirok etdi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilarining so’zlariga qaraganda, Turkmanistondagi saylovlar xalqaro me’yorlarga javob bermagan. AQSh Davlat departamenti mazkur xulosani shubha ostiga qo’yayotgani yo’q.

Biroq rasmiy Vashington 1991 yildan beri saylovlarning Turkmanistonda ilk bor ko’p nomzodli bo’lishini e’tiborga loyiq hol, demoqda.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Shon Makkormakning so’zlariga qaraganda, Qo’shma Shtatlar Ashgabatni ochiq va erkin jamiyat qurishga da’vat etib, bu yo’ldagi barcha sa’y-harakatlarni rag’batlantiradi.

“Biz Turkmanistonning yangi hukumati bilan hamkorlik qilishga tayyormiz. Shuni unutmaslik lozimki, mamlakat uzoq yillik diktatura, shaxsga sig’inish davridan endi chiqmoqda. Yopiq jamiyatning bir zumda demokratik jamiyatga aylanishini kutish noto’g’ri bo’lar edi”, deydi Shon Makkormak.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini Richard Baucher Berdimuhammedovning qasamyod marosimida qatnashib, Turkmaniston rasmiylari bilan uchrashgan.

Turkmanistonning quvg’indagi muxolifati rahbari Xudoyberdi Orazov mavjud vaziyat haqida o’zgacha fikrda. Uning nazarida saylov natijalari soxta.

Turkmaniston Markaziy banki sobiq raisi Xudoyberdi Orazovning nomzodi muxolifat tomonidan prezidentlikka ko’rsatilgan, biroq uning Turkmanistonga kirishiga ijozat berilmagan edi.