BMT afg'on ayollari va bolalari uchun 7 million dollar so'ramoqda

  • Amerika Ovozi

BMT Bolalar Jamg’armasi – UNICEF yordamga muhtoj o’n minglab afg’on xotin-qizlari va bolalari uchun xalqaro hamjamiyatdan yetti million dollar so’ramoqda.

Oxirgi olti oy Afg’oniston aholisi uchun ancha og’ir kechgan.

Joriy yil kutilmagan suv toshqinlari bilan boshlanib, odamlar uy-joyini tashlab chiqishga majbur bo’lgan. Yer ko’chishi, qahraton qish, yuqumli kasalliklar va qurolli mojarolar…

UNICEF mutaxassislarining aytishicha, Afg’onistonda Tolibon va koalitsiya kuchlari o’rtasidagi janglar tobora quloch yozmoqda. Oddiy fuqarolar jabr tortayapti. Minglab nafari bosh-panasiz.

UNICEF matbuot kotibasi Miranda Ilesning so’zlariga qaraganda, Afg’oniston viloyatlarining deyarli yarmi BMT uchun borsa-kelmas manzilga aylangan. Bu yerlarga gumanitar yordam yetkazish g’oyat mushkul.

“Eronda bir milliondan ortiq afg’on qochqini bor. Ko’pi vataniga qaytarib yuborilmoqda. Maktab va universitet talabalariga hujum qilish hollari ko’paygan. Har to’rt go’dakdan biri besh yoshga to’lmasdan nobud bo’ladi”, - deydi BMT rasmiysi.

Miranda Ilesning aytishicha, maktab yoshidagi ikki million bola o’qishga qatnamaydi. Ulardan 1.3 millioni qizlar. Ota-onalar farzandlarini maktabga yuborishga qo’rqadi. Tolibon ayniqsa o’quvchi qizlarga nisbatan ayovsiz harakat qilmoqda. Ular fikricha qiz-juvonlar xat-savod bilan emas, uy ishlari bilan shug’ullanishi kerak.

O’tgan olti oyda afg’on maktablariga 31 marotaba hujum qilingan. Hilmand, Qandahor, Uruzgon va Zabul viloyalaridagi 740 maktabdan 262 tasida darslar o’tilmaydi, deydi BMT Bolalar Jamg’armasi matbuot kotibi.

UNICEF uchun ta’lim eng muhim masala. Maktablar Afg’onistonda ochlikda yashayotgan oilalardan chiqqan bolalarni nafaqat bilim balki yegulik bilan ham ta’minlaydi.