Saakashvili ga'labani nishonlamoqda, muxolifat namoyishga otlangan

  • Amerika Ovozi

Gruziyada o’n minglab odamlar muxolifatni yoqlab poytaxt Tbilisida namoyishga chiqqan. Ular prezident saylovlarida Mixail Saakashvilining g’alabasini hukumat xiylasi deya ta’riflamoqda.

Gruziya Markaziy Saylov Komissiyasi prezident saylovlarining rasmiy natijalarini e’lon qildi. Unga ko’ra, 53 foiz ovoz jamg’argan Saakashvili g’olib deb topilgan. Uning asosiy raqibi Levan Gachecheladze 25 foiz ovoz to’plagan.

Komissiya raisi Levan Tarxnishvilining aytishicha, saylovda aholi juda faol qatnashgan. Gruziya tarixida hali bunday faollik kuzatilmagan edi deydi u.

Xalqaro kuzatuvchilar saylovlarni erkin va adolatli deya tan olmoqda. Yevropa Ittifoqining Tashqi siyosat bo’yicha rahbari Xavyer Solana ta’biricha, saylovlarda tom ma’nodagi raqobat kuzatilgan.

Tbilisidagi namoyishlar 9 muxolif partiyadan iborat koalitsiya tomonidan uyushtirilmoqda.

Muxolifat vakili Salome Zurabishvili “Saakashvili 50 foizdan kam ovoz to’plagan, shu sababli saylovlarning ikkinchi bosqichi o’tkazilishi shart”, deydi.

Mixail Saakashvili esa ovoz berish jarayonini demokratik deya ta’riflagan.

So’nggi paytda yangrayotgan tanqidlar, nazarimda, asossiz. Barchasi vaqt o’tib oydinlashadi. Shunisi aniqki, saylovlar Gruziya mintaqada demokratiya mash’ali bo’lib qolayotganidan dalolat beradi, deydi Saakashvili.