Rossiya: Gruziya Janubiy Osetiyaga qayta hujum rejalamoqda

Rossiya generali Anatoliy Nogovitsin nazarida rasmiy Tbilisi Janubiy Osetiyaga qayta hujum rejalamoqda.

Shu bois, deydi general, rus askarlari Gruziyaning ba’zi hududlarida xizmatni davom ettiradi. Agar AQSh Gruziyaga harbiy yordam ko’rsata boshlasa, Rossiya Kavkazdagi harbiylari sonini oshiradi deydi Nogovitsin.

Rossiya armiyasi Gruziyadan asta-sekin chiqar ekan, ortidan 18 nazorat-tekshiruv punktlari o’rnatib ketmoqda.

Gruziya parlamenti prezidenti David Bakradze Rossiyani va’dani bajarmaganlikda ayblamoqda. Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev harbiylar jumagacha Gruziyadan chiqadi deb so’z bergan edi.

Rus tanklari Gori va Senaki shaharlaridan chiqdi, deb jar solgan Kreml ko’zboyamachilik qilmoqda deydi Gruziya rasmiysi.

Rossiya hammasini orqaga tashlamoqda, deydi Bakradze. Bu yog’i nima bo’lishini kutamiz. Askarlar ketgach ham, hal qilinadigan muammolar bor, deydi Bakradze.

Rossiya harbiylari sekin-asta Janubiy Osetiyaga qaytmoqda. Lekin “tinchlikparvar qo’shin” deya ta’riflanayotgan guruh Gruziyada qolayapti.

Gruziyaning savdo jihatidan strategik bandargohi – Poti ham Rossiya qo’lida. Janubiy Osetiya atrofida nazorat-tekshiruv punktlari paydo bo’lmoqda.

”Gruziya parlamenti sobiq spikeri Nino Burjanadze so’zlariga ko’ra, rus askarlari Janubiy Osetiya, Sxinvali, Abxaziya va Gruziya g’arbida mahkam o’rnashib olgan. Shundan so’ng Janubiy Osetiyani himoya qilish haqidagi da’volarga ishonish mumkinmi?” deydi Burjanadze.

Rossiya Mudofaa vaziri Anatoliy Serdyukovning aytishicha, avval imzolangan bitimga ko’ra, harbiylar kecha Gruziyadan chiqqan.

Qo’shma Shtatlar nazarida Rossiya bitimga to’liq amal qilishi va Gruziya qamalini tugatishi lozim.

Bu orada bugun Janubiy Osetiya rahbari Eduard Kokoyty Moskvaga yo’l olib, Kremlni o’lka mustaqilligini tan olishga chaqiradi.