AQSh kemasi kapitani Somali qaroqchilari qo'lida

Somalida qaroqchilar AQSh bayrog'i ostida Afrikaga insonparvarlik yordamini olib ketayotgan kemani olib qochishga uringan, ammo buni uddalay olmagach, kema kapitanini garovga olgan.

BMTning Jahon oziq-ovqat dasturiga ko'ra, agar kema o'z manziliga yetib bormasa, afrikaliklar oziq-ovqatsiz qoladi. Kemada Somali va ugandalik yosh bola va onalar uchun hamda Keniyadagi qochqinlar uchun jami 5 tonna insonparvarlik yuki bor.

"Somali va mintaqaning boshqa nuqtalariga oziq-ovqat ta'minoti to'xtasa odamlar ochlikk yuz tutadi. Kemadagi oziq-ovqat bilan yuz minglab odamlarni bir oy boqish mumkin," deydi BMT vakili Piter Smerdon.

AQSh kemasi Keniyada 16 aprel kuni bo'lishi rejalangan edi, ammo kecha unga to'rt qurollangan somalilik qaroqchi hujum qilib, qatnovni to'xtatib qo'ydi. Shu paytgacha amerikalik dengizchilar qaroqchilar bilan ro'baro' kelmagan edi.

Kemada 20 ga yaqin ekipaj a'zosi bo'lib, qaroqchilar bilan olishuvda qo'li baland kelgan, ammo so'nggi daqiqada qaroqchilar kema kapitani Richard Fillipsni o'zi bilan olib qochishga muvaffaq bo'lgan.

Qo'shma Shtatlar hududga bir necha harbiy kema yuborgan. Odatda qaroqchilar faol suvlarni vertolyot va kuzatuvchi samolyotlar nazorat qilib, ma'lumot to'playdi.

Keniya dengizchilari uyushmasi vakili Endryu Mvanguraning aytishicha, kapitanni ozod etish uchun qaroqchilar bilan bevosita aloqa qilish kerak.

"Agar uchinchi tomon o'rtaga aralashtirilsa, ko'p vaqt ketadi," deydi u.

Mvangura o'tmishda qaroqchilar bilan muzokaralarda bir necha bor vositachi rolini bajargan. Xabarlarga ko'ra, AQSh harbiylari va Federal Qidiruv Byurosi agentlari hodisa sodir bo'lgan joyga yetib borgan va kapitanni ozod etish ishlari bilan shug'ullanmoqda.

O'tgan yili qaroqchilar 40 qa yaqin tijoriy va xususiy kemalarni o'g'irlab, ularning ozodligi evaziga 30 dan 150 million dollar pul ishlagan.

Somalida qaroqchilikning avjida ekani, deydi mutaxassislar, mamlakatda hokimiyat boshqaruvining izdan chiqqani bilan bog'liq. Qonunlar ishlamaydi. Iqtisodiyot turg'un. Odamlar o'zini qaroqchilikka urib, uning ketidan kun ko'rmoqda, deydi ular.

Tahlilchilarga ko'ra, qaroqchilar shu qadar katta hududda faoliyat yurityaptiki, uni nazorat etish uchun yuzlab harbiy kemalar kerak bo'ladi, buning esa iloji yo'q.