Qirg'izistonda saylovoldi tashviqot boshlandi

Qirg'izistonda 23 iyul kuni prezident saylovlari bo'lib o'tadi. Kecha nomzodlarni ro'yxatga olish tugab, bugun saylovoldi tashviqotga start berildi. Ikkinchi muddatga saylanishni umid qilayotgan amaldagi prezident Qurmanbek Bakiyev bilan birga poygada yana besh nomzod bellashadi. Mustaqil kuzatuvchilar muxolifatni zaif deya, Bakiyev g'alabasini bashorat qilmoqda va ovozlar soxtalashtiriladi deb aytmoqda. AQSh Kongressi qoshidagi Xelsinki Komissiyasi saylovoldi vaziyatga nazar tashlash maqsadida ba'zi mutaxassislar fikrini o'rgandi.

Saylovlarda ishtirok etishni istagan 22 kishidan atigi olti nafari ro'yxatdan o'tgan. Olti kishi arizasini qaytib olgan, 10 da'vogarga esa rad javobi berilgan. Amaldagi prezident Qurmanbek Bakiyev, tabib Jenishbek Nazaraliyev, tadbirkorlar Temir Sariyev va Nurlan Motuyev, sobiq bosh vazir Olmosbek Atambayev va yagona ayol - huquqshunos Toktayim Umetaliyeva rasman nomzod deb topilgan. Ular orasida Atambayev Bakiyevga munosib raqib deb ko'rilmoqda. Ammo uning ham imkoniyatlari katta emas, deydi Kongressdagi Helsinki Komissiyasi tinglovida so'zga chiqqan qirg'izistonlik siyosatshunos Erika Marat.

"Muxolifat tarqoq. Atambayev va Sariyev mamlakatning demokratik taraqqiyotidan ko'ra shaxsiy ambitsiyalari uchun ko'proq qayg'uradi. Agar ular birlashib, biri prezident, ikkinchisi bosh vazir bo'lishga kelishib olganda edi, imkoniyatlari ancha o'sar edi. Saylov natijalari soxtalashtiriladi," deb o'ylayman, deydi Erika Marat.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti saylovlarni kuzatish uchun 300 kishini Qirg'izistonga yo'llamoqchi. Respublikaning AQShdagi elchisi Zamira Siddiqovaga ko'ra, saylovoldi jarayon qonunbuzarliklarsiz o'tmoqda, hech bir da'vogardan shikoyat tushmagan.

"Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Bishkekda kuzatuvchilari idorasini ochdi. Ular saylovoldi jarayondan va tashkilotga so'ralgan miqdordagi kuzatuvchilarning kelishiga ruxsat berilganidan mamnun," deydi elchi.

Ammo Erika Marat Zamira Siddiqova so'zlariga qo'shilmaydi. Uning aytishicha, prezident Bakiyev so'nggi paytda o'z hokimiyatini kuchaytirib, unga ma'qul bo'lmaganlarni yo'qotmoqda. Mamlakatda oltita qonunchi o'ldirilgan, jurnalistlar taq'ib etilmoqda, prezidentning akasi va o'g'li Qirg'izistondagi ikkita yirik xavfsizlik idorasiiga rahbar etib tayinlangan. Saylovlar muddatidan deyarli bir yarim yil erta o'tkazilmoqda.

"Bakiyev mamlakatda obro'si tushib borayotganini ko'rib hokimiyatni kuchaytirishga intilmoqda. Respublikada muammolar talaygina. Elektr energiyasi tanqisligi bois aholi o'tgan qish davomida qiynalgan. Chetga chiqqan mehnat muhojirlari iqtisodiy tanazzul tufayli mamlakatga kam pul yubormoqda. Bu yilgi qishga ham yaxshi tayyorgarlik ko'rilmasa, xalq norozilik bildirib, kelasi yili uni qayta saylamasligi ehtimolidan cho'chigan prezident Bakiyev saylovlarni erta o'tkazishga qaror qildi," deydi siyosatshunos Erika Marat.

Bugun Bishkekda sobiq bosh vazir Feliks Kulov boshchiligidagi Or-Nomus partiyasi qurultoy o'tkazib, saylovlarda Bakiyev nomzodini qo'llab-quvvatlash to'g'risida qaror qabul qilgan.

Ba'zi siyosatchilarga ko'ra, saylovlardan so'ng parlament tarqatib yuborilishi mumkin va Kulovning qonunchilik organiga kira olmagan partiyasi yangi parlamentdan joy olish evaziga Bakiyev nomzodini qo'llab-quvvatlashga kelishgan.

Xelsinki Komissiyasi tinglovida so'zga chiqqan AQSh Demokrarik institutining Yevrosiyo dasturlari rahbari Lora Juit Qirg'iziston Markaziy Osiyoda demokratiya oroli nomini qo'ldan chiqarmoqda deb, saylovlar buni bilish uchun yaxshi sinov deydi.

"So'nggi bir necha oy ichida ba'zi siyosatchilar, jurnalistlar va siyosatga faol berilgan fuqarolar kaltaklangan, hibsga olingan, ayrimlari esa o'ldirilgan. Mamlakatda hukumatga nisbatan shubha va ishonchsizlik kuchaymoqda. Saylov tizimidan ko'ngli xira aholi ovozlari inobatga olinmasligi ehtimoli tufayli saylovga chiqmasligi ham mumkin, deydi Lora Juit.

Bakiyev saylovoldi tashviqotni bugun O'shda boshlagan. Davlat universitetida talabalar bilan uchrashar ekan, prezident shahar infrastrukturasini yaxshilashni va'da qilgan.